"Kristal Pelas" hujumchisi Jan-Filipp Mateta shartnomani bekor qilish va London klubini tark etishni istamoqda.
Fransiyalik 29 yoshli futbolchining "burgutlar" bilan bitimi 2027 yil yoziga qadar amal qiladi. BBC ma'lumotlariga ko'ra, Jan-Filipp kelishuvning qolgan 10 oyini bekor qilish maqsadida FIFA'ga murojaat etgan.
Mateta 2022 yilda "Maynts"dan transfer qilinganidan so'ng 4,5 yillik shartnoma imzolagan. Unda shartnomani yana 12 oyga uzaytirish imkoniyati ham mavjud edi. "Kristal Pelas" ushbu bandni 2024 yilda faollashtirgan. Biroq hujumchi bitimning xohishga ko'ra uzaytirilishi mumkin bo'lgan so'nggi yili bekor qilinishi kerak, deb hisoblamoqda.
Matetaning ishi Premyer-liga qoidalari asosida mustaqil tribunada ko'rib chiqilgan. Hozircha rasmiy natijalar e'lon qilinmagan. Ammo ma'lum bo'lishicha, shartnoma hozircha o'z kuchida qolmoqda.
Futbolchi FIFA'ga murojaat qildi. Agar shartnomaning so'nggi yili haqiqiy emas deb topilsa, Mateta erkin agentga aylanadi.
O'tgan mavsumda forvard APLda 32 ta o'yinda 12 ta gol urg'an. Bu mavsumda esa u 1 ta bahsda maydonga tushdi.
Mateta "Kristal Pelas" bilan shartnomasini bekor qilish bo'yicha FIFA'ga murojaat etdi
Futbol
23 avgust, 17:15
Fransiyalik hujumchi London klubini tark etmoqchi.
Foto: Getty Images