«Marsel» va «Levski» muxlislari Yevropa Ligasi doirasidagi bahs oldidan to‘qnashib ketdi. Fransiya klubi 1:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘yin boshlanishidan avval mehmonlar sektorida natsistcha salomlashuvlar namoyish etilgani mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu haqda L’Équipe xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, bunga javoban «Marsel»ning yuzlab fanatlari Janubiy tribunani tark etib, eshikni buzgan holda yon sektorga bostirib kirgan. Sofiyalik muxlislar mehmonlar sektori to‘sig‘i oldida qisilib qolgan. Marsellik muxlislar ularga bayroq dastalari va kamarlar bilan zarba bergan. To‘qnashuv bir necha daqiqa davom etgan.
Natijada ko‘plab muxlislar jarohatlangan: besh nafar bolgariyalik shifoxonaga yotqizilgan, yana olti kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Politsiyaning maxsus bo‘linmalari aralashib, mehmonlar sektori atrofida to‘siq o‘rnatganidan so‘ng vaziyat barqarorlashgan.
O‘yinning UEFA delegati hodisani qayd etgan. Shu sababli tashkilot «Marsel»ga nisbatan intizomiy ish ochadi. Fransuz klubida avval ham 2025 yil noyabrida «Atalanta»ga qarshi uy bahsida yuz bergan tartibsizliklar uchun shartli jazo mavjud edi. O‘shanda klub Janubiy tribunani bir o‘yinga qisman yopish bilan birga, ikki yillik sinov muddati bilan tribuna yopilishi va 71 625 yevro jarimaga hukm qilingandi. Endi shartli jazo avtomatik ravishda kuchga kiradi.
Marsel prokuraturasi hodisa yuzasidan ikkita tergov boshlanganini ma’lum qildi. Birinchisi, «Marsel» muxlislari tashabbusi bilan sodir etilgan, qurol ishlatish, bir guruh shaxslar tomonidan va sport inshootida amalga oshirilgan og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan zo‘ravonlik bo‘yicha olib borilmoqda. Ikkinchi tergov esa «Levski» muxlislarining natsistcha salomlashuvlari va provokatsiyalari ortidan nafrat qo‘zg‘atish holati yuzasidan boshlangan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar bolgariyalik muxlis hanuz shifoxonada qolmoqda. Ulardan birining holati doimiy tibbiy kuzatuvni talab qilmoqda. Jabrlanganlarning umumiy soni hozircha aniqlashtirilmoqda.