«Manchester Siti» Enso Mareskani bosh murabbiy etib tayinlash yo‘lida «Chelsi» bilan moliyaviy kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, London klubi italiyalik mutaxassis uchun tovon puli talab qilmoqda. «Chelsi» rahbariyati Mareska o‘tgan mavsumda jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan paytidayoq «Manchester Siti» bilan muzokaralar olib borgan deb hisoblamoqda.
Shuningdek, «Chelsi»da bu holatni tasdiqlovchi yetarlicha dalillar borligi aytilmoqda. Klub hatto «Manchester Siti» ustidan Angliya Premyer-ligasiga shikoyat qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan.
Biroq londonliklar vaziyatni keskinlashtirish niyatida emas va muzokaralarni davom ettirmoqda.
Hozircha eng ehtimoliy ssenariy — «Manchester Siti» tomonidan «Chelsi»ga 10 million funt sterlingdan ortiq miqdorda kompensatsiya to‘lanishi hisoblanmoqda.
Tomonlar transferning moliyaviy tafsilotlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.