«Liverpul» 35 yoshli markaziy himoyachi Virjil van Deykning uzoq muddatli o‘rnini bosadigan futbolchi izlamoqda. Mersisayd klubi ushbu pozitsiya uchun «Nottinghem Forest» safida o‘ynayotgan 24 yoshli Murilloni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Football Insider xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, braziliyalik futbolchiga «Chelsi» ham qiziqish bildirmoqda. Biroq «Nottinghem Forest» qishki transfer oynasida Murillo bo‘yicha kelib tushadigan takliflarni ko‘rib chiqmoqchi emas.
Klubning himoyachi bilan uzoq muddatli shartnomaga ega ekani ham transferni amalga oshirishni murakkablashtirishi mumkin. Murilloning «Nottinghem Forest» bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Murillo ushbu mavsumda barcha turnirlarda oltita bahsda maydonga tushib, bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali braziliyalik himoyachining bozor qiymatini 50 mln yevroga baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Murillo 2023-yilda Braziliyaning «Korintians» klubidan «Forest»ga ko‘chib o‘tgan va qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Virjil van Deyk 2018-yil yanvaridan beri «Liverpul» sharafini himoya qilib kelmoqda. Niderlandiyalik futbolchi klub bilan Angliya chempionati va Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.