Ispaniya chempionatining 6-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda «Atletiko» Madrid derbisida «Real»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Ushbu bahs «Atletiko»ning tajribali yarim himoyachisi Koke uchun «Real»ga qarshi klub safidagi 28-uchrashuv bo‘ldi. Shu tariqa, u Madrid derbilarida ishtirok etish bo‘yicha «Atletiko»ning yangi rekordini o‘rnatdi.
Koke bu borada avvalgi rekord sohibi Abelardo Rodrigesni ortda qoldirdi. Rodriges «Atletiko» safida «Real»ga qarshi jami 27 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Ma’lumot o‘rnida, derbidagi g‘alabadan keyin Diego Simeone shogirdlari peshqadam «Barselona»ning asosiy ta’qibchilaridan biri bo‘lib turibdi. Ayni paytda «Atletiko» kataloniyaliklardan 5 ochkoga ortda qolmoqda.
Madridliklar Ispaniya chempionatidagi navbatdagi uchrashuvini safarda «Alaves»ga qarshi o‘tkazadi.