Germaniya milliy jamoasi sobiq hujumchisi, Jahon chempionati-2014 g‘olibi Miroslav Kloze agarda argentinalik forvard Lionel Messi uning mundiallardagi gollar soni bo‘yicha rekordini yangilasa, faqatgina xursand bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Kloze jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Miroslavning hisobida 24 ta o‘yinda 16 ta gol mavjud. Hozirga kelib Messi 26 o‘yinda 13 ta gol rasmiylashtirishga ulgurgan, Fransiya milliy jamoasi hujumchisi Kilian Mbappeda esa — 14 o‘yinda 12 ta gol.
«Rekordim mana shu jahon chempionatida yangilanishini kutyapman. Jamoalar soni ortgani sari, o‘yinlar ham ko‘proq bo‘ladi va tabiiyki gol urish imkoni ham oshadi. Menimcha, Argentina va Fransiya turnirda ancha uzoqqa boradi.
Hammasi joyida, har qanday rekord ham vaqti kelib yangilanadi. Agarda buni Messi amalga oshirsa, xursand bo‘laman. Men doim uning ashaddiy muxlislaridan biri bo‘lganman. Messi — daho.
Shuningdek, argentinalik murabbiy Skalonini ham qattiq hurmat qilaman. Men u bilan «Latsio»da birga to‘p tepganman. O‘shanda u menga shaharni ko‘rsatgandi. Biz do‘st bo‘lib qolganmiz», - deya Kloze so‘zlaridan iqtibos keltirdi Süddeutsche Zeitung.