Kabo-Verde milliy jamoasi sardori Rayan Mendesh zo‘rlashda ayblanmoqda.
36 yoshli yarimhimoyachiga nisbatan ayblovni braziliyalik tarjimon ayol ilgari surgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea joriy yilning 27 mart kuni Yangi Zelandiyadagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda Kabo-Verde terma jamoasi Chili va Finlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari oldidan shu yerda istiqomat qilgan.
Ayol Yangi Zelandiya futbol federatsiyasi taklifiga binoan Kabo-Verde delegatsiyasi uchun tarjimon sifatida ishlaganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Mendesh mehmonxona xonasiga kirib, unga hujum qilgan, bo‘g‘gan, urgan, tishlagan va zo‘rlagan.
Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan keyin u tanasidagi jarohatlarni suratga olgan va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot markaziga murojaat qilgan. Tibbiy ko‘rik davomida tanasining turli qismlarida ko‘plab ko‘karishlar va boshqa jarohatlar qayd etilgan.
Globo nashri polisiyaga taqdim etilgan fotosuratlar, tibbiy xulosa va tergov hujjatlari bilan tanishganini ma’lum qilgan.
Yangi Zelandiya politsiyasi 10 apreldan buyon ushbu holat yuzasidan tergov olib bormoqda. Huquq-tartibot organlari mehmonxonadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini yig‘gan va sud-tibbiy ekspertiza yakunlarini kutmoqda. Shundan so‘ng ishni sudga oshirish yoki oshirmaslik bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, jabrlanuvchi va uning turmush o‘rtog‘i 10 may kuni Kabo-Verde futbol federatsiyasi hamda FIFAga futbolchini Jahon chempionatidan chetlatish talabi bilan murojaat qilganini, biroq hozircha javob olmaganini bildirgan.
Shunday qilib, hozircha bu ayblovlar bo‘yicha yakuniy sud qarori chiqarilmagan va Rayan Mendeshning aybi sud tomonidan tasdiqlanmagan.