«Liverpul»ning sobiq yarimhimoyachisi va sardori Stiven Jerrard «Chelsi»ning himoya chizig‘ini kuchaytirishi kerakligi haqida fikr bildirdi. Uning hisoblashicha, londonliklarga ikkita markaziy himoyachi va chap qanot himoyachisi kerak.
«Chelsi» transfer siyosatidagi yangi bosqichni himoyani kuchaytirishdan boshlashi kerakmi? Albatta, 100 foiz. Jamoada yaxshi himoyachilar bor. Ris Jeyms menga juda yoqadi. U sog‘lom va o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynashga tayyor bo‘lsa, mamlakatdagi eng yaxshisi hisoblanadi.
Koulvill ham menga yoqadi. U jamoaga kerakli muvozanatni beradi, qolaversa, chap oyoqda o‘ynaydi. Endi ularda men «Aston Villa»da birga ishlagan ajoyib darvozabon Emiliano Martines ham bor. Yarimhimoya va hujum chizig‘iga qarasangiz, bu jamoa yuqori saviyada raqobatlashishga qodir ekanini ko‘rasiz.
Ammo «Chelsi» «Arsenal», «Manchester Siti» va «Liverpul» bilan raqobatlashishi, shuningdek, Chempionlar ligasida katta maqsadlarni ko‘zlashi uchun jahon darajasidagi markaziy himoyachilar va chap qanot himoyachisiga muhtoj. Bu mening fikrim.
Men o‘ynagan davrdagi «Chelsi» himoyasini eslang: Eshli Koul, Jon Terri, Rikardu Karvalyu va Branislav Ivanovich. Bu Angliya Premyer-ligasi va Chempionlar ligasida eng yuqori saviyada raqobatlasha oladigan himoyachilar to‘rtligi edi.
Hozirgi «Chelsi» himoyasini, jumladan, darvozabonini ham o‘sha tarkib bilan solishtirsak, Petr Chex va Emiliano Martines o‘rtasidagi farq katta emas. Emi jahon chempioni bo‘lish va eng yuqori saviyada o‘ynashga qodir ekanini isbotlagan.
Ammo hozirgi himoyachilar hali shunday darajada o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak. Men sanab o‘tgan to‘rtlik Klod Makelele yoki Maykl Essyen kabi futbolchilar bilan birgalikda jamoaning mustahkam poydevorini tashkil etgan. Ularning barchasi jahon darajasidagi futbolchilar edi. «Chelsi» yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun tarkibni shunday saviyadagi o‘yinchilar bilan kuchaytirishi kerak», — deya Jerrardning so‘zlarini keltiradi Metro.
Ma’lumot uchun, Jerrard «Liverpul» safida uzoq yillar to‘p tepgan va jamoa sardori bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» hozirda Angliya Premyer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi