Live
2
O'zbek

Jamshid Saidov: "Qiynalib bo'lsa-da, guruhdan chiqib olganimizdan xursandman"

Futbol
20 may, 17:38
"Lokomotiv" bosh murabbiyi o'rniga Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Jamshid Saidov: "Qiynalib bo'lsa-da, guruhdan chiqib olganimizdan xursandman"
Фото: Локомотив ПФК

O'zbekiston kubogi 3-turidan o'rin olgan "G'azalkent" — "Lokomotiv" bahsidan keyin "temiryo'lchi"lar murabbiyi Jamshid Saidov fikr bildirdi.

"Ilk navbatda shuni aytishim kerak, jamoamiz bosh murabbiyi Mirko Yelichich o'yin tugashi bilanoq aeroportga ketdi va Avstraliyaga uchib ketishi kerak. Matbuot anjumanida qatnasholmasligi uchun uzr so'rab, to'g'ri tushunishlarini so'radi.

O'yinga keladigan bo'lsak, bu bahsning ahamiyatini barcha tushunib turgandi. Dastlabki ikki o'yinni qoniqarsiz o'tkazdik, dastlab "Lochin" maydonida mag'lub bo'ldik, keyin esa o'z maydonimizda "Dinamo"ni mag'lub eta olmadik.

Yigitlar bu o'yinning muhimlik darajasini bilib turishgandi va shu sababli bor kuchlari bilan o'ynab, chiroyli o'yin namoyish qilib berishdi. Qiynalib bo'lsa-da, guruhdan chiqib olganimizdan xursandman. Bugungi o'yinda bizni qo'llab-quvvatlab turgan muxlislarga, jangovar kayfiyatda maydonga tushgan yigitlarga rahmat aytaman.

- Bugun murabbiylar uchun hayajon ko'proq bo'ldi. "Lokomotiv" gol urgan paytda, Samarqanddagi parallel kechgan bahsda "Dinamo" ham gol urdi va o'yin gollarga boy o'tdi. Murabbiylarda bugun hayajon oxirigacha sezilib turdi. Shu haqida fikringiz.
- "Dinamo" ham o'z o'yinining darajasini bilib turgandi, chunki ular ham birinchi turda mag'lub bo'lishgandi. Umuman olganda darajalar o'z so'zini aytdi. Birinchi o'yinda bizda qandaydir kayfiyatsizlik kuzatilgandi. 2-turda esa biz ham, "Dinamo" ham kuch va ishtiyoq topib, nimalarga qodir ekanligimizni namoyish qildik. Biz ulardan bitta ko'proq gol urib, guruhdan chiqqanimiz yaxshi bo'ldi.

- Raqib jamoa 2-turdayoq keyingi bosqichni hal qilib bo'lgandi. Shuni hisobga olsak, "Lokomotiv"ning g'alabasi o'zlarining katta ishtiyoqi evaziga bo'ldimi yoki raqibning past motivatsiyasi evaziga keldimi?
- "G'azalkent"ning tarkibi juda yosh. Ular doimo harakat qilib, nimanidir isbotlashga harakat qilishadi. Proligadan keyin Kubok o'yinlarida anchagina rivojlanishdi. Yoshlar ishtiyoq juda katta. Lekin nima bo'lgan taqdirda ham Proliga va Superliganing darajalari ajralib turadi. Baribir Superliga jamoalarida mahorat kattaroq ekanligi seziladi.

- Superligada ishlatilmagan rejalar, taktikalar, sxemalar kubok o'yinlarida ishlatildimi?
- Biz Superligada ham, Kubokda ham oddiy uslubda o'ynadik. Lekin Kubokda barchasi 2 yoki 3 o'yinga bog'liq. O'yinning muhimlik darajasiga qarab rejalar tuzildi va bu ish berdi, nazarimda. Shu boisdan biz guruhdan chiqdik.

- "Lokomotiv"ning O'zbekiston Kubogidagi maqsadi qanday? Klub rahbariyati ushbu musobaqa uchun murabbiylar shtabga qanday vazifa qo'ygan?

- Bir gap aytaman: "Lokomotiv" o'z an'analariga ega klub, bir necha karra chempion va kubok sohibi. Albatta, "Lokomotiv" o'z oldiga katta maqsadlar qo'yadi. Biz finalga chiqish uchun eng oxirigacha kurashamiz. Balki kubokni ham qo'lga kiritarmiz", — deya Saidovning so'zlaridan keltiradi "Lokomotiv" matbuot xizmati.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
Bugungi yangiliklar