Bugun Superliganing 27-turiga start berildi. Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida «Bunyodkor» klubi «Xorazm»ni qabul qildi.
Oʻyinda «Bunyodkor» 1:2 hisobida magʻlubiyatga uchradi va oʻyindan keyingi matbuot anjumanida yutqazgan jamoa ustozi Ivan Boshkovich qatnashdi.
— Oʻyin juda qiziqarli va sifatli oʻtdi, deb oʻylayman. Jamoamiz tomonidan ham yaxshi futbol namoyish etildi. Futbolchilarimdan talab qilganimdek oʻynadik. Oʻyin sifati nuqtayi nazaridan, ehtimol, bundan ham koʻproq narsaga loyiq edik. Biroq vaziyatlardan yaxshiroq foydalana olmadik. Nazarimda, gollarni realizatsiya qilishda biroz oqsandik.
Bilaysiz, Oʻzbekiston chempionatida raqobat kuchayib bormoqda. Oʻzbekiston futbolining saviyasi oʻsmoqda, jamoalar sifatli futbol namoyish etmoqda. Bu esa bizga ham yanada yaxshiroq oʻynash imkoniyatini beradi.
Mavsum yakuniga qadar oldimizda yana toʻrtta uchrashuv bor. Kurashni davom ettiramiz. Hozirgi eng muhim vazifamiz — oldimizga qoʻyilgan maqsadni amalga oshirish. Buning uchun jamoamizda yetarlicha salohiyat bor. Faqat shu tarzda ishlashda, mashgʻulot oʻtkazishda va oʻynashda davom etishimiz kerak. Ishonamanki, barchasi yaxshi boʻladi.
— «Bunyodkor» soʻnggi gollarni oʻxshash vaziyatlardan oʻtkazib yubordi. Raqiblar qanotdan hujum qilib, toʻpni jarima maydonchasiga uzatishmoqda va gol urishmoqda. Masalan, «Mashʼal» bilan oʻyinda Akramov, bugun esa Izzatov va Pirmuhamedov shunday vaziyatlardan foydalanishdi.
Bu tasodifmi yoki himoyada nimadir yetishmayaptimi? Nazarimda, qanotdan uzatmalar amalga oshirilayotganida himoyachilaringiz biroz eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyishmoqda. Bu esa takrorlanib kelayotgan holat. Bundan tashqari, darvozabon ham ayrim vaziyatlarda jamoani qutqarib qola olmadi. Siz bu holatga qanday izoh berasiz?
— Albatta, biz nafaqat ushbu raqibni, balki barcha jamoalarni oʻrganamiz. Raqiblar ham bizni oʻrganishadi. Har bir jamoa raqibining kuchsiz tomonlaridan foydalanishga harakat qiladi. Biz ham oʻz ustunliklarimizni ishga solib, raqibning zaif nuqtalaridan foydalanishga intilamiz.
Bugungi oʻyinga kelsak, ikkita golni standart vaziyatlardan oʻtkazib yubordik, deb oʻylayman. Birinchi gol autdan keyingi vaziyatda yuzaga keldi. Hozircha bu epizodlarni toʻliq tahlil qilib ulgurmadim. Takroriy lavhalarni koʻrishim, yana bir bor oʻrganib chiqishim kerak.
Ha, autdan keyingi vaziyatda jamoamizning reaksiyasi sust boʻldi. Raqibga aniq ustunlik yaratishiga imkon berdik va shu lahzada himoyadagi boʻshliqdan foydalanishdi.
Ikkinchi golga kelsak, nazarimda, toʻgʻri harakat qildik. Ammo raqib juda chiroyli zarba bilan vaziyatni golga aylantirdi. Biz himoyadagi vazifalarimizni bajarishga harakat qildik, lekin futbolda bunday holatlar ham uchrab turadi. Epizodlarni koʻrib chiqib, yana bir bor tahlil qilamiz.
— Bir qator mutaxassislar Superligadagi jamoalar haqida gapirar ekan, «Bunyodkor» bilan oʻynash oson emasligini taʼkidlashadi. Jamoangizdan choʻchishadi. Futbolchilaringizning harakati, agressiv oʻyini, yuqori pressingi va maydondagi intilishi raqiblarga noqulaylik tugʻdirmoqda. Qizigʻi, jamoangiz turnir jadvalida yuqori oʻrinlarda boʻlmasa-da, koʻpchilik «Bunyodkor»ga qarshi oʻynashdan xavotir oladi. Bunga qanday izoh berasiz?
— Murabbiy sifatida men ham shu fikrdaman. Hech kim yaxshi harakatlanadigan, agressiv oʻynaydigan, yuqori pressing qiladigan va raqibga bosim oʻtkazadigan jamoaga qarshi oʻynashni xohlamaydi.
Bundan tashqari, biz toʻp bilan ham sifatli harakat qilishga intilamiz. Bu futbolchilarning mahoratiga bogʻliq. Jamoamizda texnik jihatdan yaxshi tayyorlangan, jismoniy va funksional imkoniyatlari yuqori boʻlgan iqtidorli futbolchilar bor. Shuning uchun bizga qarshi oʻynash raqiblar uchun oson emas.
Agar mutaxassislar haqiqatan ham shunday fikrda boʻlsa, bu men uchun quvonarli. Ammo eng muhimi, kimga qarshi oʻynashimizdan qatʼi nazar, maydonda oʻz futbolimizni namoyish etishimiz kerak.
— Jamoangizda yosh futbolchilar koʻp. Ular orasida tajribalilar ham bor. Masalan, kimnidir alohida ajratish qiyin, chunki har birining oʻz ustunliklari mavjud. Lekin yoshlar bilan tajribali futbolchilar oʻrtasidagi raqobat haqida nima deysiz? Tajribali futbolchilarning jamoadagi oʻrni qanchalik muhim?
— Har bir futbolchining oʻz ustunliklari bor. Jamoamiz tarkibi asosan yosh futbolchilardan iborat. Albatta, ularda tajriba yetishmasligi mumkin. Shuning uchun jamoada sogʻlom raqobat boʻlishi kerak. Futbolchilarimizning rivojlanib borayotgani, oʻsishga intilayotgani meni quvontiradi.
Shu bilan birga, Abdumavlon Abdujalilov kabi tajribali futbolchilar biz uchun juda muhim. Bunday futbolchilar nafaqat oʻz oʻyin sifati, balki maydondagi tajribasi va muloqoti bilan ham jamoaga yordam berishadi. Ular goʻyo maydondagi murabbiylardek. Oʻz tajribalari bilan yoshlarga yoʻl koʻrsatishadi.
Shu bois bunday futbolchilarning jamoada boʻlishi juda muhim. Kimning maydonga tushishidan qatʼi nazar, har bir futbolchi oʻz mehnati va harakati bilan hurmatga loyiq.
Jarohatlar, sariq kartochkalar va boshqa holatlarni ham hisobga olib, keyingi oʻyinlarda kim maydonga tushishini koʻramiz. Hozircha har bir futbolchi oʻz imkoniyatidan foydalanishga harakat qilmoqda. Kelgusida ham kim yaxshi holatda boʻlsa, oʻsha oʻynaydi.
— Asosiy tarkib eʼlon qilinganida darvozabonlar roʻyxatida Abdumavlon Abdujadilov va Muhammad Yusuf Sobirov nomlarini koʻrdik. Avvalroq Federico Botti jamoa bilan birga emasligi haqida eshitgandim. Bu maʼlumot toʻgʻrimi? U jamoani tark etdimi? Klub bilan shartnomasi tugadimi?
— Ha, u jamoadan ketgan. Shartnoma bilan bogʻliq qanday kelishuv boʻlganini aniq bilmayman. Ammo u hozir mashgʻulot jarayonida ishtirok etmayapti. Jamoa bilan birga shugʻullanishga kelmayapti. Menimcha, uning klub bilan oʻziga yarasha kelishuvi bor», - deya Ivan Boshkovichning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.