Bugun
49
O'zbek

Iniesta «Oltin to‘p» kimga berilishi kerakligini aytdi

Futbol
6 oktabr, 00:45
Sobiq futbolchi mukofotni ispaniyalik futbolchi qo‘lga kiritishini istamoqda.
Iniesta «Oltin to‘p» kimga berilishi kerakligini aytdi
Foto: Getty Images

«Barselona» va Ispaniya milliy jamoasining sobiq yarim himoyachisi, ayni vaqtda «Gulf Yunayted» bosh murabbiyi Andres Iniesta 2026 yilgi «Oltin to‘p» sohibi kim bo‘lishi kerakligi haqida fikr bildirdi.

Ispaniyalik mutaxassis jurnalist bilan suhbatda milliy jamoasining jahon chempionatidagi g‘alabasini ham yodga oldi va hozirgi avlod futbolchilarining imkoniyatlariga baho berdi.

«Bu juda chiroyli va o‘ziga xos hissiyot edi. 16 yildan so‘ng yana stadiondan turib milliy jamoaning jahon chempioni bo‘lganini ko‘rish — ajoyib.

Bir yulduzning o‘zi ham juda yaxshi, ammo ikkita yulduz milliy jamoa va butun mamlakatni mutlaqo boshqa darajaga olib chiqadi deb o‘ylayman.

Bu avlod futbolchilari ko‘p narsaga erisha oladi. Eng muhimi — buni juda chiroyli tarzda amalga oshirish. Chunki bir necha yillik istiqbolga nazar tashlasak, bu jamoaning deyarli butun asosiy tarkibi yana olti yildan keyin ham futbol o‘ynashda davom eta oladi. Bu haqiqatan ham ijobiy jihat.

«Oltin to‘p» masalasiga kelsak, uni ispaniyalik futbolchi qo‘lga kiritishini istardim. Ularning ham individual, ham jamoaviy darajada erishgan yutuqlarini hisobga olsak, bu juda chiroyli bo‘lar edi. Menimcha, aynan shunday bo‘lishi kerak», — dedi Iniesta Marca nashriga bergan intervyusida.

Ma’lumot o‘rnida, «Oltin to‘p» mukofoti shu yilning 26-oktabr kuni Londonda topshiriladi. Avvalroq ushbu sovringa nomzod 30 nafar futbolchi e’lon qilingandi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Ispaniya Ispaniya
Bugungi yangiliklar