«Barselona» yarimhimoyachisi Frenki de Yong 1-noyabr kuni «Alaves»ga qarshi bahsda maydonga tushishga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda AS xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, de Yong 5-oktabr, dushanba kuni umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilishi kerak. Biroq niderlandiyalik futbolchiga bahslarda ishtirok etish uchun tibbiy ruxsat olishiga yana qariyb uch hafta vaqt kerak bo‘ladi.
Mashg‘ulotlar qayta boshlanganidan so‘ng de Yongning holati tibbiy shtab tomonidan sinchiklab kuzatiladi. Yarimhimoyachiga tushadigan yuklama esa bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Amaldagi rejaga ko‘ra, 29 yoshli futbolchi 1-noyabr kuni La Liga doirasida «Barselona» o‘z maydonida «Alaves»ni qabul qiladigan bahsda maydonga qaytishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Frenki de Yong jarohati sabab 2026/27-yilgi mavsumda hali biror bahsda «Barselona» safida maydonga tushmagan.
Ma’lumot uchun, «Barselona» La Liga turnir jadvalida yetti turdan so‘ng 21 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.