«Barselona» himoyachisi Alehandro Balde jamoaning asosiy tarkibidagi o‘rnini yo‘qotdi. Bosh murabbiy Hans-Diter Flik ispaniyalik futbolchini almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi sifatida ko‘rmayapti. Sport direktori Deko esa futbolchining maoshini klub xarajatlaridan chiqarish variantlarini izlamoqda.
El Nacional xabariga ko‘ra, «PSJ» 22 yoshli Balde transferini ko‘rib chiqmoqda. Parij klubi futbolchini qanday shartlarda qo‘lga kiritish mumkinligini aniqlash uchun muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Manbada qayd etilishicha, «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Baldening tezligi, bo‘sh hududlarda o‘ynashi va katta masofalarni bosib o‘tish qobiliyatini yuqori baholaydi. Ispaniyalik mutaxassis hujumlarda kenglikni ta’minlay oladigan himoyachini izlamoqda.
«Barselona» esa Baldening ijara asosida ketishiga rozi bo‘lishi mumkin. Bunda shartnomaga futbolchini keyinchalik sotib olish uchun yuqori miqdordagi opsiya kiritilishi mumkin.