"Manchester Yunayted" yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh yozgi transferlar oynasida "Yuventus"ga o'tmaydi. Bu haqda insayder Fabrizio Romano xabar berdi.
Manbaga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlarga qaramay, Turin klubi hozircha na futbolchining o'zi na "qizil iblislar" bilan muzokaralar olib bormayapti.
O'z navbatida ingliz klubi rahbariyati portugaliyalik 31 yoshli futbolchini jamoaning asosiy yetakchilaridan biri deb hisoblamoqda. Klub kelgusi loyihani aynan Brunu atrofida qurishni rejalashtirgan va u bilan shartnomani uzaytirish masalasini ham muhokama qilmoqda.
Eslatib o'tamiz, Fernandesh 2020 yilda Lissabonning "Sporting" klubidan 65 million yevro evaziga "MYu"ga o'tgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyunga qadar mo'ljallangan.
O'tgan mavsumda u barcha turnirlarda 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, 9 ta gol va 22 ta golli uzatma muallifi bo'ldi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda.