“Manchester Yunayted” yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh jamoa bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha yaxshilangan taklifni rad etdi. Bu haqda jurnalist Sasha Tavolieri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ingliz klubi portugaliyalik 30 yoshli futbolchiga maoshini yiliga 500 ming yevroga oshirishni taklif qilgan. Biroq bu miqdor Fernandeshni yangi shartnoma imzolashga ishontirish uchun yetarli bo‘lmagan.
Futbolchining "qizil iblislar" bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Ma'lumot uchun, Fernandesh mankunianlar safida 2020 yil yanvaridan buyon harakat qilmoqda. O‘tgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, 9 ta gol va 22 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 35 million yevro deb baholamoqda.