«Manchester Yunayted» sardori Bruno Fernandesh faoliyati yakuniga qadar Chempionlar ligasida g‘olib chiqishga ulgurishiga ishonadi.
Portugaliyalik 32 yoshli yarimhimoyachi «qizil iblislar» boshidan kechirayotgan muammolarga qaramay, Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasida g‘olib chiqish orzusi hamon saqlanib qolayotganini tan oldi.
«Faoliyatim davomida erishgan yutuqlarimdan faxrlanaman. Garchi Chempionlar ligasining pley-off bosqichida atigi bir marta ishtirok etgan bo‘lsam ham. Maqsadim o‘zgarmagan: Chempionlar ligasi va Premyer-ligada g‘olib chiqish. Hali Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish uchun vaqtim bor. Oldinda futbolda o‘tkazadigan ko‘p yillarim bor va pley-offda o‘ynash imkoniyati albatta bo‘ladi. Nega bu mavsumdayoq muvaffaqiyatga erishmasligimiz kerak?» — dedi Fernandesh matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni «Manchester Yunayted» Brununing sobiq jamoasi — Lissabonning «Sporting» klubiga qarshi safarda maydonga tushadi.