2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchisi bo‘lgan Eron milliy jamoasi mundial oldidan tantanali ravishda kuzatildi.
Euronews xabariga ko‘ra, Tehron shahrida o‘tkazilgan marosimda ko‘plab muxlislar ishtirok etgan. Tadbir davomida Eron milliy jamoasining Jahon chempionati uchun tayyorlangan yangi formasi ham namoyish etildi.
Shuningdek, marosim vaqtida siyosiy mazmundagi, AQSHga qarshi yo‘naltirilgan shiorlar ham yangragani aytilmoqda.
Avvalroq Eron milliy jamoasi AQSHga kirish uchun vizalarni olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Jamoa guruh bosqichidagi barcha bahslarini aynan AQSH hududida o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi va musobaqa kelasi hafta start oladi.
Ma’lumot uchun, Eron milliy jamoasi G guruhidan joy olgan bo‘lib, Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.