Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente JCH-2026 dagi g‘alabadan so‘ng jamoasi tayanch yarimhimoyachilari — Rodri va Martin Subimendining saviyasini yuqori baholadi.
Rodri jahon chempionatida Ispaniya milliy jamoasi sardori bo‘lib, yakunda musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Argentina bilan kechgan final bellashuvining (1:0) 99-daqiqasida uning o‘rniga Martin Subimendi maydonga tushdi.
Ma’lumot uchun, «Arsenal» tayanch yarimhimoyachisi uchun bu JCHda maydonga tushgan ilk o‘yini bo‘ldi.
«Hech kimni xafa qilmoqchi emasman, barchani hurmat qilgan holda aytaman: avval ham ta’kidlaganimdek, Rodriga shubha qilish — futbol intellektini haqoratlash demakdir.
U o‘z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshi futbolchisi. Shu bilan birga, bizda Martin Subimendi ham bor — yana bir ajoyib o‘yinchi, u dunyoda, ehtimol, ikkinchi o‘rinda turadi.
Rodri o‘yindan o‘yinga kuchayib bordi. Aslida, u hatto 50 foiz tayyor bo‘lganida ham boshqa ko‘plab futbolchilardan yaxshiroqdir», — dedi De la Fuente RTVE telekanali efirida.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 finalida ispanlar Argentinani qo‘shimcha bo‘limlarda kiritilgan yagona gol evaziga (1:0) mag‘lub etib, tarixda ikkinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.