Ispaniya milliy jamoasi Millatlar ligasi A ligasi 2-turida Xorvatiyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Bahsda Lamin Yamal ikki marta gol urgan bo‘lsa, Pau Pubil va Niko Uilyams ham o‘z nomini tabloga yozdirdi. Xorvatiyaning yagona goliga Martin Belyo mualliflik qildi.
Bahsdan so‘ng Ispaniya bosh murabbiyi Luis de la Fuente jamoasining harakatlarini yuqori baholadi. Mutaxassisning fikricha, ispanlar o‘yinning katta qismida nazoratni o‘z qo‘lida saqlab qolgan.
«Birinchi bo‘lim 4:1 yoki 5:1 hisobida yakunlanishi mumkin edi, ikkinchi bo‘lim ham taxminan shu ruhda o‘tdi. Raqib yaxshi himoyalanadi va havodagi kurashlarda kuchli, shu sababli har bir vaziyatda hushyorlikni saqlashimiz kerak edi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin darhol to‘p va o‘yin nazoratini qayta qo‘lga oldik», — dedi de la Fuente Marca nashriga bergan intervyusida.
Ispaniya bosh murabbiyi Yamalning o‘yiniga ham to‘xtaldi. U 19 yoshli hujumchining yanada rivojlanishga intilayotganini va o‘z imkoniyatlarini butun dunyoga namoyish etishni istayotganini ta’kidladi.
«Yamal yanada rivojlanishga intilmoqda va o‘z darajasini butun dunyoga namoyish etishni xohlaydi. U shunchalik kamtarki, bu fazilati uning ahamiyatini yanada oshiradi. Uning jamoa uchun qilgan ishlaridan zavq oldik. Kelajakda u o‘z harakatlari va jamoaviy o‘yinga qo‘shayotgan hissasi uchun yanada katta e’tirofga sazovor bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya milliy jamoasi navbatdagi bahsini 3-oktabr kuni Chexiyaga qarshi o‘tkazadi. Shu kuni Xorvatiya Angliyaga qarshi maydonga tushadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi