Bugun
45
O'zbek

«Bunyodkor»ning yana bir sobiq futbolchisi arz qildi

Futbol
24 sentabr, 02:56
U «Bunyodkor»ga 2025-yil boshida kelgan bo‘lib, shu yilning yozida jamoadan ketdi.
«Bunyodkor»ning yana bir sobiq futbolchisi arz qildi
Фото: Бунёдкор ПФК

Toshkentning «Bunyodkor» klubidagi holatni barcha yaxshi biladi. Moliyaviy muammolar fonida jamoadagi vaziyat haqida endi hamma tasavvurga ega. Qiyinchiliklar natijalarga ham ta’sir qildi va buning ortidan ko‘pchilik u yerdan ketdi, oxir-oqibat bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev ham. Uning o‘rniga esa Ivan Boshkovich keldi. Mag‘lubiyatlar bilan boshlagan ushbu mutaxassis boshchiligida «Bunyodkor» nihoyat yaqinda aprel oyidan beri davom etayotgan mag‘lubiyatli seriyasiga chek qo‘ydi.

Klub moliyaviy muammolar girdobida qolgach, tabiiyki, qarzdorliklar ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Masalan, yaqinda klubning yaponiyalik sobiq futbolchisi Itsuki Urata FIFAga arz qilgandi. Ungacha esa Rivoldodan qarzdorlikni ham yaxshi bilasiz. Ammo bunday qarzdorliklar hali yakun emas.

Gap shundaki, «Bunyodkor»ning chernogoriyalik sobiq futbolchisi Marko Bugarin joriy yilning 17-sentyabr kuni FIFAga murojaat qilib, shartnomani bir tomonlama bekor qilgani uchun «Bunyodkor» klubidan salkam 300 ming AQSh dollari miqdorida jarima undirilishini so‘ragan. O‘z navbatida, FIFA «Bunyodkor» klubiga xat yo‘llab, Marko Bugarinning da’vosi bo‘yicha klub o‘z pozitsiyasini 7-oktyabrgacha FIFAga yuborishini so‘ragan. Qizig‘i, futbolchi bilan shartnoma 2027-yilning dekabr oyigacha tuzilgan edi.

U «Bunyodkor»ga 2025-yil boshida kelgan bo‘lib, shu yilning yozida jamoadan ketdi va hozirda Rossiya birinchi divizionida «Spartak Kostroma» sharafini himoya qilmoqda. Markaziy himoyachi Bugarin «Bunyodkor»dagi bir yarim yillik faoliyati davomida jami 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Demak, «Bunyodkor» va Bugarin o‘rtasidagi voqealar rivojini ham kuzatib boramiz.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
Bugungi yangiliklar