«Atlanta Yunayted» klubi va Shveytsariya milliy jamoasi hujumchisi Breel Embolo koronavirusga test topshirgani haqida soxta sertifikat olganini tan oldi.
Blick nashri Schweiz heute’ga tayanib xabar berishicha, futbolchi 2021-yilda Bazeldagi laboratoriyada ishlagan tanishi orqali COVID-19 testi natijasi haqidagi ikkita soxta ma’lumotnomani olgan.
Tanish ayol boshqa odamlarning nomidan burun va tomoqdan surtma namunalarini olgan. Shuningdek, u Word dasturidagi shablondan foydalanib, soxta sertifikatlar tayyorlagan va ularni PDF formatiga o‘tkazgan.
2025-yil 25-noyabrda Bazel prokuraturasi Emboloni hujjatlarni soxtalashtirishga undash bilan bog‘liq bir nechta band bo‘yicha aybdor deb topdi. Sportchiga jami 60 ming Shveytsariya franki (63 ming yevro) miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Jazo shartli hisoblanadi, sinov muddati esa ikki yil.
«O‘sha paytdagi harakatlarim noto‘g‘ri bo‘lganini angladim va ular uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim. Shuning uchun sud qarorini qabul qildim», — dedi Breel OAV so‘roviga javoban.
Shveytsariya futbol uyushmasi hujumchining tashkilot vakillariga «shaxsiy hayotiga taalluqli, bugun OAVga ma’lum bo‘lgan vaziyat haqida» xabar berganini tasdiqladi. Shu munosabat bilan u Millatlar ligasida milliy jamoaning yaqin oradagi — Shimoliy Makedoniya, Shotlandiya va Sloveniya terma jamoalariga qarshi bahslarini o‘tkazib yuboradi.
Dastlab hujumchi Shimoliy Makedoniya milliy jamoasiga qarshi o‘yinni diskvalifikatsiya sababli (Jahon chempionatida qizil kartochka olgani uchun) o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq keyingi o‘yinlarda tarkibga kiritilishi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shveytsariya milliy jamoasi yarim himoyachisi Granit Jaka ham koronavirusga qarshi emlanish sertifikatini soxtalashtirganini tan olgandi. U ham milliy jamoaning bo‘lajak o‘yinlarida ishtirok etmaydi.
Embolo ham COVID-19 testini topshirgani haqida soxta sertifikat olganini tan oldi
Futbol
26 sentabr, 01:14
Jaka kabi hujumchi ham Shveytsariyaning bo‘lajak o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi.
Foto: Getty Images