Madridning «Real» klubi hujumkor yarimhimoyachisi Brahim Dias shartnomasini uzaytirganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Avvalroq «Real» matbuot xizmati futbolchi bilan hamkorlik 2031 yilgacha uzaytirilganini e’lon qilgandi.
«Davom etishga arziydigan hikoyalar bor. Uyda qolayotganimdan va ushbu yo‘lni davom ettirib, yana ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritish imkoniyatidan juda xursandman. Menga ko‘rsatayotgan mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi marokashlik futbolchi.
27 yoshli Dias ushbu mavsum barcha musobaqalarda 10 ta bahsda maydonga tushib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, «Real» 28 noyabr kuni La Liga 14-turi doirasida «Alaves»ni qabul qiladi. Bahs Toshkent vaqti bilan 01:00 da, 29 noyabrga o‘tar kechasi boshlanadi.