Bugun
8
O'zbek

Boyan Siger: "Ha, "Paxtakor" chempionlik yo'lidagi asosiy raqobatchimiz, ammo qolganlarni ham unutmaslik kerak"

Eksklyuziv
15 iyul, 08:13
Tribuna.uz muxbiri serbiyalik himoyachi bilan suhbatlashdi.
Boyan Siger: "Ha, "Paxtakor" chempionlik yo'lidagi asosiy raqobatchimiz, ammo qolganlarni ham unutmaslik kerak"
Фото: Нефтчи ПФК

Farg‘onaning "Neftchi" klubi O‘zbekistonning amaldagi chempioni ekanini yaxshi bilasiz. Joriy yilgi mavsumda ham ushbu klub hamon taxtdan tushmayapti va 11 turdan keyin musobaqa jadvalida peshqadamlikni o‘zida saqlab kelmoqda.

Jamoaning ishonchli o‘yini va g‘alabalariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘yinchilar orasida shubhasiz Boyan Siger ham bor. Serbiyalik himoyachi "Neftchi"ning mudofaa chizig‘ini mustahkam bo‘lishida o‘z mehnati bilan muxlislarning e’tiborini qozonib kelyapti.

- Yozgi yig‘in ham tugadi. Chempionat yana qaytadan davom ettiriladi. Jamoangizning yozgi yig‘ini qanday o‘tdi?

- Ha, yaxshi. Menda biroz jarohat bor edi. Yig‘inning birinchi qismini shu yerda o‘tkazdik. Keyin Turkiyada shug‘ullandik va yana ortga qaytdik. Bizda o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘ldi. Rossiyada "Zenit" bilan kuch sinashdik. Bizda to‘liq tarkib yo‘q edi. Shu bois natija ham shunga yarasha bo‘ldi.

- Rossiyada "Zenit"ga qarshi o‘rtoqlik maqomidagi o‘yindan qanday xulosa chiqardingiz?

- Boya aytganimdek, to‘liq tarkib bo‘lmagani uchun natija qoniqarli bo‘lmadi. Ammo kuchli raqibga qarshi yomon o‘ynamadik, deb hisoblayman.

- 16 iyul kuni "Neftchi" "Buxoro"ni qabul qiladi. Ammo, ma’lumki, Xomyakov o‘z jamoalarini kuchli raqiblarga qarshi a’lo darajada tayyorlay oladi. Bo‘lajak to‘qnashuv og‘ir kechadi, deb hisoblaysizmi?

- Ha, oson bo‘lmaydi. Ular bu yerda yuz foiz kuch bilan qarshi turishlari tayin. Umuman olganda, "Neftchi" bilan o‘ynaydiganlar o‘zlarini bunga yaxshi tayyorlashadi. Lekin chempion jamoa ekanligimizni isbotlab berishimiz kerak.

- Chempion bo‘lishdan ko‘ra, unvonni himoya qilish qiyin, deyishadi... Buni o‘z amaliyotingizda his qilyapsizmi?

- Ha, albatta. Bunday amaliyot butun futbol olamiga tanish. Har qanday raqib chempion bilan uchrashadigan bo‘lsa, butun imkoniyatini ishga soladi va undan ochko tortib olishga intiladi. Darhaqiqat, unvonni himoya qilish chindan ham og‘ir ish sanaladi.

- Chempionlik yo‘lidagi kurashda "Paxtakor" "Neftchi"ning asosiy raqobatchisimi?

- Gapingiz rost, "Paxtakor" chindan ham bu yo‘ldagi asosiy raqobatchi sanaladi. Ammo qolganlarni ham unutmaslik kerak. "Navbahor" va "Nasaf" ham yuqori maqsadlar sari kurashadigan yaxshi jamoalardir.

- Himoyachi sifatida birinchiligimizda qaysi raqib futbolchisiga qarshi o‘ynashni qiyin deb hisoblaysiz?

- 1-davrda bunday o‘yinchilar yetarli bo‘ldi. Masalan, "Paxtakor"dagi Hamdamov. Doriev ham muammo tug‘dira oladi. "Surxon"dan "Paxtakor"ga o‘tgan hujumchi ham a’lo darajada.

- "Neftchi"ni boshqarayotgan Islom Ismoilov - yosh murabbiy. U sizni qaysi xususiyatlari bilan hayron qoldiryapti?

- Murabbiyimiz yosh bo‘lishiga qaramay, tobora shakllanib boryapti, o‘smoqda. Men unga faqat ishlarida omad tilab qolaman. "Neftchi" bilan ham termadagi kabi singari muvaffaqiyat qozonishiga tilakdoshman. O‘ylaymanki, bir kun kelib u O‘zbekiston milliy jamoasi ustoziga aylanadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar