«Barselona» himoyachi Andreas Kristensen bilan shartnomasini 2028 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirdi.
Marca xabariga ko‘ra, yangi bitimga maxsus band ham kiritilgan. Unga ko‘ra, agar daniyalik futbolchi yangi mavsumda jamoaning umumiy o‘yin vaqtining 30 foizidan kamida maydonga tushsa, «Barselona» u bilan shartnomani hech qanday tovon puli to‘lamasdan bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Kristensen klub bilan hamkorlikni davom ettirish uchun maoshini 50 foizga kamaytirishga rozi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Andreas Kristensen 2022 yilda «Chelsi»dan erkin agent sifatida «Barselona» safiga kelib qo‘shilgandi.
Ma'lumot uchun, 2025/26 yilgi mavsumda 29 yoshli himoyachi barcha musobaqalarda 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 8 million yevroga baholamoqda.