«Barselona» klubi rekonstruksiya ishlari tufayli vaqtincha «Kamp Nou» stadionini tark etadi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, jamoa kelasi mavsumda «Olimpik Lyuis Kompanis» (Montjuik) stadionida uy uchrashuvlarini o‘tkazadi. «Barselona»ning rekonstruksiya qilingan «Kamp Nou»ga qaytishi 2028-yil yanvar oyiga rejalashtirilgan.
Klub xazinachisi Ferran Olive «Barselona» a’zolarining umumiy yig‘ilishida ma’lum qilishicha, jamoa bu mavsumni asosiy stadionida yakunlaydi. Biroq keyingi mavsumni allaqachon «Lyuis Kompanis» nomidagi stadionda boshlaydi.
«Kamp Nou»ga qaytish vaqtiga kelib, stadion tribunalarida 95 ming tomoshabinni qabul qilish imkoniyati bo‘ladi. Klub rahbariyati esa 2028/29-yilgi mavsum oldidan sig‘imni 105 ming o‘ringa yetkazishni rejalashtirmoqda.
Rekonstruksiya ishlaridagi kechikishlar sabab klub a’zolari qo‘shimcha 510 million yevro mablag‘ ajratilishini ma’qullagan. Natijada stadionni rekonstruksiya qilish uchun sarflangan umumiy xarajat qariyb 2 milliard yevroga yetdi.
Yangilangan «Kamp Nou» 2029-yilgi Chempionlar ligasi finaliga mezbonlik qiladi. Bu qaror avvalroq UEFA tomonidan qabul qilingandi.