“Atalanta” bosh murabbiy Raffaele Palladinoning ishdan bo'shatilganini rasmiy e'lon qildi.
Bergamoliklar bir muddat avval qoniqarsiz natijalar tufayli murabbiy bilan xayrlashishga yakuniy qaror qabul qilishgandi.
Murabbiy bilan birga uning murabbiylar shtabi – Stefano Chitterio, Federiko Peluzo, Fabio Korabi, Nikola Riva, Mattia Kazella, Andrea Ramponi va Andrea Berti ham tark etdi.
Avvalroq “Atalanta” bosh murabbiy lavozimiga Maurizio Sarrini taklif qilishga yaqin ekani xabar qilingandi. Tomonlar 2029 yilgacha mo'ljallangan shartnomani kelishib olishdi. Sarri yiliga 3,5 million yevro maosh oladi.
Bergamoliklar mavsumlar oralig'ida yangi sport direktori Kristiano Juntolini taklif qilishdi. 54 yoshli mutaxassis 2025 yilning iyun oyidan buyon ishsiz edi. Juntolining avvalgi ish joyi “Yuventus” bo'lib, u yerda texnik direktor vazifasini bajargan.
O'tgan mavsumda “Atalanta” A Seriyada 7-o'rinni egalladi va kelasi mavsumda Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi.