Bugun
23
O'zbek

«O'zbek futbol bozori biz uchun qiziqarli» — Dmitriy Igdisamov

Eksklyuziv
17 avgust, 08:17
Toshkentda tug'ilgan CSKA bosh murabbiyi Tribuna.uz ga eksklyuziv intervyu berdi.
«O'zbek futbol bozori biz uchun qiziqarli» — Dmitriy Igdisamov
Фото ЦСКА

Rossiya futbolidagi eng mashhur va sovrindor klublardan biri — Moskva CSKAsi so'nggi vaqtlarda O'zbekiston futbol muxlislari uchun ham yanada qiziqarli jamoaga aylandi. Buning sababi esa oddiy: «armiaychilar»ni yurtimizga daxldor ikki mutaxassis — bosh murabbiy Dmitriy Igdisamov va uning yordamchisi Denis Korostichenko boshqarmoqda.

Igdisamovning hikoyasi esa alohida qiziq. U Toshkentda, aniqrog'i, Sergelida tug'ilgan. Futboldagi ilk qadamlarini ham aynan shu yerda tashlagan. Bugun esa bolaligi o'tgan ko'chalardan minglab kilometr uzoqda — Moskvadagi CSKAdek ulkan klubning bosh murabbiyi.

Yana bir qiziq jihati: Igdisamovni futbolga olib kirgan inson — Denis Korostichenko bugun uning CSKAdagi yordamchisi. Ular Sergelida tanishganiga ham qariyb 30 yil bo'ldi. Bir paytlar futbol maydonida boshlangan tanishuv bugun Rossiyaning eng nufuzli klublaridan biridagi hamkorlikka aylangan.

Tribuna.uz Toshkentda tug'ilgan va ayni paytda CSKAni boshqarayotgan Dmitriy Igdisamov bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

- Dmitriy Igorevich, avvalo, ushbu intervyuga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Muxlislarimiz uchun bu haqiqatan ham juda qiziq. Ayniqsa, CSKA jamoasini O'zbekistonga bevosita aloqador bo'lgan mutaxassislar boshqarayotgani biz uchun ham alohida qiziqish uyg'otmoqda.

- Shuhrat, assalomu alaykum, biz uchun ham bu suhbat yoqimli. Chunki vatanda bizni unutib yuborishmagani, ishimiz bilan qiziqishayotganidan xabardor bo'lish juda ham boshqacha. Buning uchun sizga ham rahmat aytmoqchiman.

- Dmitriy Igorevich, siz 1986 yilda Toshkentda tug'ilgansiz. Bolaligingiz qanday o'tgan? Futbolga qanday kirib kelgansiz va qachon Rossiyaga ko'chib ketgansiz?

- Ha, men 1986 yili Toshkentda tug'ilganman. Sergeli massivida. Yanada aniqroq aytsam, «Sputnik1»da. Futbolga 10 yoshimdan qatnashishni boshlaganman. Bizning Sputnikda ikkita maktab bor: 2-va 3-. Avvallari 2-maktabda kechki soat beshdan futbolsevar bolalar yig'ilishardi. Jamoalarga bo'linib olardik-da, kim birinchi gol urguncha o'yin davom etardi. Mana shunday o'yinlardan birida Korostichenkoning e'tiborini tortganman. O'shanda bu inson meni Sergelidagi 1986 yilda tug'ilgan bolalardan iborat jamoaga taklif qilgandi. Odil Mahmudov degan murabbiyimiz bo'lardi. Shunday qilib, men futbol bilan shug'ullanishni boshlaganman. 15 yoshga to'lganimda tarixiy vatan - Qozonga ko'chib ketganmiz. Chunki tatar millatiga mansubman va hamma qarindoshlarimiz. Tataristonda yashashardi. Onam, ikki singlim bilan yashash tarzimiz qiyinlashib qolganda Qozonga ko'chib ketishga qaror qilgandik. Chunki otam yo'q edi. Qozonda elektron futbol maktabida shug'ullanishni boshlagandim. Bu joydan Ruslan Nigmatullin chiqqan. Ikkimmiz bir murabbiyda shug'ullanardik. Shu tariqa futbolchilik faoliyatim asta-senkinlik bilan Rossiyada boshlanib ketgandi. Keyinroq mini-futbolda o'zimni sinab ko'rishni boshlagandim. Baxtga qarshi jiddiy jarohat tufayli faoliyatimni barvaqt - 21 yoshimda yakunlashimga to'g'ri kelgan.

- Bilishimizcha, futbolchi sifatida professional darajada to'p surmagansiz. Yoshligingizdanoq o'zingizni aynan murabbiy sifatida tasavvur qilganmisiz yoki bu qarorga keyinroq kelganmisiz?

- Bolalar jamoasini shug'ullantirish orqali murabbiylik ishiga kirib kelganman. Bu orada institutning jismoniy tarbiya fakultetida o'qiganman. Keyinroq «Rubin»da suhbatdan o'tib ish boshlaganimdan keyin o'rnim futbolda ekanligini yanada teranroq his qilgandim. Ishni «Rubin» akademiyasida boshlaganman. Asta-sekinlik bilan shu sohada o'sishni, rivojlanishni boshladim. Oradan ma'lum vaqt o'tganidan so'ng CSKA akademiyasida ishlash uchun chaqirishgan. CSKA yoshlar jamoasini boshqarishimga ishonch bildirishgan va biz o'z yosh toifamizda chempion bo'lganmiz. Ikkinchi yili kumush medaga ega chiqqandik. Endi esa asosiy klubning bosh murabbiyi vazifasida ishlab kelyapman.

- Hozir ham vaqti-vaqti bilan Toshkentga kelib turasizmi? O'zbekistonda oxirgi marta qachon bo'lgansiz?

- Har yili Toshkentga kelib ketaman. U yerda xolam jiyanim bilan birga yashaydi. Hozirgacha biz yashagan buvimizning kvartirasi saqlanib qolgan. Tug'ilganimda meni tug'ruqxonadan shu yerga olib kelishgan. O'sha joy men uchun kuch olish manbaidek bo'lib qolgan. Shu sababdan ham har yili tug'ilib o'sgan joyimga kelish payida bo'laman. Shunday mahalarda qadrli insonlar, o'zim birga o'sgan o'shna-og'aynilar bilan tanish ko'chalarda sayr qilaman. Oxirgi marta Toshkentda o'tgan yil dekabrida bo'lgandim. Bundan bir yil oldin dekabrdagi tashrifim esa O'zbekiston futbol federatsiyasi taklifi bilan amalga oshgandi. Toshkentga Pro litsenziyasi uchun o'qiyotganlarga leksiyalar o'qib bergandim. Yana bir gap: o'tgan yili V toifasida murabbiylikka o'qiyotganlar uchun ham leksiya o'qib bergandim. Bu yaqin do'stlarimdan Dilmurod Ortiqboevning tashabbusi bilan amalga oshgandi. Hozirda u O'zbekistonda murabbiylikka o'qimoqchi bo'lganlar maktabini boshqaradi. Xullas, har yili dekabrda qadrdon maskanimga kelib ketaman. Bu safar ham an'anani davom ettiraman, deb o'ylayman.

- O'zbek futbolidagi qaysi murabbiy va mutaxassislarni yaxshi taniysiz? Kimlar bilan do'stona munosabatlarni saqlab kelyapsiz?

- Murabbiylardan shaxsan kim bilan tanishman? Ehtimol, o'sha inson Timur Kapadze bo'lsa kerak. U bilan Turkiyada tashkil qilingan yig'in paytida tanishib qolgamdim. Mirjalol Qosimovni ham bilaman. Uning o'yinlarini qiziqish bilan kuzatganman. Biroq shaxsan tanish emasman. Boshqalar bilanmi, bilmadim, unchalik bilmayman.. Ha, aytgancha, Ro'ziqul Berdievni bilaman. Bir safar u bilan aeroportda tasodifan tanishib qolganman. Men Toshkentdan Moskvaga, ular esa yig'in uchun o'sha shaharga uchishayotgan edi. Stas Kudryashov bilan esa eski qadrondik bo'lib ketganman. Bir necha yildan beri Turkiyadagi yig'inlar chog'ida yo'limiz tutashib qoladi. Bunday paytda bemalol, chin yurakdan suhbatlashish uchun imkon topamiz.
Hamkasblardan tashqari, sobiq futbolchilar bilan ko'proq gaplashamiz. Masalan, Sasha Lobanov bilan. U ham sergelilik bolalardan. Bahodir Seytkamolov biz uchun yoshi katta o'rtoklardan biri bo'lib qolgan. Shuningdek, Rossiyaga borib qolganlar bilan ham aloqani saqlab kelaman. Misol uchun, Vadim Romanovni aytishim mumkin. U «Dinamo S»da o'ynagan. Usmon Qudratovich bilan ham gaplashib turamiz. Marat Kabaev bilan birga ishlaganman. To'g'ri, ko'rishmaganimizga ham ancha bo'lib qoldi.

- Siz Denis Korostichenkoni ham murabbiylar shtabiga taklif qildingiz. To'g'ri tushungan bo'lsam, sizlar birga ulg'aygansiz va bolalikdan bir-biringizni yaxshi taniysiz, shundaymi?

- Ha, Denis Korostichenko mening shtabimda ishlaydi. Suhbatimiz boshida aytganimdek, bu inson meni Sergelidagi futbol jamoasiga chaqirgan. O'shanda 9- 10 yoshli bolakay edim. Mana, o'sha davrdan beri biz qadrdon bo'lib ketganmiz. Ko'rib turganingizdek, tanishganimizga ham 30 yil bo'libdi! Ma'lum vaqt «Rubin» akademiyasida ham birgalikda ishlagandik.

Yaqinda Korostichenkoni yoshlar jamoasiga chaqirgandim, endi esa asosiy klubda birga ishlayapmiz. Ha, men uchun bu inson sinalgan, qadrdon do'st bo'lib ketgan. Futbolni juda ham yaxshi tushunadigan odam. Ishonsangiz, futbol borasidagi qarashlarimiz ham deyarli bir xil! Bundan keyin ham yo'lni birgalikda bosib o'tmoqchimiz.

- Siz bolalar va o'smirlar futbolidan tortib, katta jamoagacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdingiz. Umuman olganda, sizning murabbiylik falsafangiz qanday?

- Ha, men bolalar-o'smirlar futbolidan asosiy klub murabbiyligiga qadar bo'lgan yo'lni bosib o'tdim. Faoliyatim bosqichma-bosqich rivojlanib bordi. Futbolda qanday bosqich bo'lsa, amaliyotchi singari hammasidan o'tib bordim, deya olaman. Bejizga amaliyotchiga o'xshatmadim, o'zimni. Menga kabinetda o'tirib olib ishlashdan ko'ra, jonli ravishdagi ish jarayoni ko'proq yoqadi. 18 yildan beri, agar adashmayotgan bo'lsam, maydonda faol ravishda ishlab kelmoqdaman. Menga shug'ullanayotgan bu ishimm juda yoqadi. Falsafam-mi, iloji boricha zamonaviy futboldagi har qanday yangilikni, o'zgarishlarni kuzatib borish payida bo'laman. Mana, hozir faol tarzda to'pni pressing ostida saqlab qolish ustida ko'proq shug'ullanayapmiz. Bunday mahalda to'pni imkon qadar tezroq raqib jarima maydoniga uzatish kerak bo'ladi. Shunda harakatlarimiz yanada tajovuzkor ko'rinish hosil qiladi. To'p bilan va to'psiz samarali harakatlanish mening asosiy tamoyillarimdan biridir.

- Kelajakda CSKA tarkibida o'zbek futbolchilarini ko'rishimiz mumkinmi? Ayni paytda qaysi o'zbek futbolchilari e'tiboringizni tortmoqda?

- O'ylashimcha, hozir O'zbekistonda yosh iqtidor egalari ko'pchilikni tashkil qiladi. Ko'zga tashlanib qolganlarini kuzatish qiziqarli. Ehtimol, ularning ichidan kimdir CSKAda paydo bo'lib qolar... Ammo ayni paytda aniq kimnidir kuzatayotganimiz yo'q. Balki kelajakda shu ish sodir bo'lib qolguday bo'lishi ham mumkin. Chunki Fayzullayev o'zidan bu yerda yaxshi nom qoldira olgan. O'zbek futbol bozori biz uchun qiziqarli. Fursati kelib u yoki bu futbolchi bizda qiziqish uyg'otsa, albatta, o'rganishga kirishamiz.

- CSKA — sovrinlarga boy, katta ambitsiyalarga ega klub. 40 yoshli mutaxassis uchun bunday qadam katta tavakkalchilikmi, qo'shimcha bosimmi yoki aniq qo'yilgan maqsadning natijasi?

- Avvalo, bu zimimga katta mas'uliyat yuklaydi. 40 yoshingda CSKAdek katta klubni boshqarish - bu hazilakam ish emas. Mana shunday imkoniyatni havola etgan rahbarlarimizdan juda minnatdorman. O'z navbatida klubimiz ishqibozlarini ham aytib o'tmasam bo'lmaydi. Rahbariyat va ular menga shu postni egallab turishimga sababchi bo'lib turishibdi. CSKAda 8 yildan beri ishlab kelayotganim uchun bu menga qadrdon jamoadek bo'lib qolgan. O'z o'rnida bosh murabbiy sifatida bildirildgan ishonchni klub bilan yuqori natijalarga erishish orqali oqlashni istayman.

- O'zbek futboli va O'zbekiston chempionatini kuzatib borasizmi?

- Rostini aytsam, O'zbekiston futbolini kuzatib borishga vaqt ajrata olmayman. Lekin Oleg Zoteev bilan gaplashganimda u meni oxirgi yangiliklardan xabardor qilib turadi. Zoteev ham mening do'stlarimdan. Bu yerda Oleg Vladimirovichdan ham O'zbekiston futbolidagi yangiliklarni eshitib turaman.

- O'zbekistonda CSKA muxlislari juda ko'p. Ayniqsa, Igdisamov va Korostichenko asosiy jamoa bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'lganidan so'ng mamlakatimizda klubga bo'lgan qiziqish yanada ortdi. O'zbek muxlislarining qo'llab-quvvatlashi va e'tiborini qanchalik his qilyapsiz?

- Ha, O'zbekistondan bo'lgan ishqibozlarning qo'llab-quvvatlashlarini his qilib turamiz. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali bizga juda ko'p yozishadi. «Sergeli-1986» da birga o'ynagan yigitlarimiz bu masalada ilg'or. Bizni tanigan-bilganlar jamoadagi ishimiz bilan qiziqib, muxlislik qilib kelishlarini aytishadi. Ularning daldasini his qilish juda ham ajoyib! Qisqa aytganda, o'zbek futboli bilan aloqamiz joyida.

- Sizga CSKAda katta muvaffaqiyatlar tilaymiz va sizning rahbarligingiz ostida klub ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritishini istab qolamiz. Intervyu uchun tashakkur!

- Yaxshi tilaklar uchun, savollaringiz uchun katta rahmat. Sog' bo'ling!

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar