Neymar Braziliya chempionatida joriy etilgan vaqt cho'zishga qarshi qaratilgan yangi qoida tufayli maydonni bir daqiqaga tark etgan ilk futbolchi bo'ldi.
Braziliya chempionatining 23-turida “Santos” safarda “Vasko da Gama”ni 3:0 hisobida mag'lub etdi. San-Paulu klubi so'nggi 20 daqiqada uchta gol urib, muhim g'alabaga erishdi. Gollarga Gabriel Barbosa, Willian Arao va Luan Peres mualliflik qildi.
Neymar uchrashuvni to'liq o'tkazib, jamoasining so'nggi ikki golida bevosita ishtirok etdi. Avvaliga uning jarima maydoniga uzatgan to'pi Willian Araoning goli bilan yakunlandi. Keyin esa Neymarning jarima zarbasidan keyin “Vasko da Gama” darvozaboni to'pni qaytardi va Luan Peres hisobni 3:0 qildi.
Biroq uchrashuvda Neymar bilan bog'liq eng qiziq voqea maydondagi harakatlari emas, yangi qoida tufayli bir daqiqaga chetlatilgani bo'ldi.
“Santos” darvozaboni Gabriel Brazao tibbiy yordam so'rab, shifokorlar maydonga kirdi. Hakam esa vaziyatni vaqt cho'zishga urinish sifatida baholadi. Yangi qoidaga ko'ra, darvozabonga tibbiy yordam ko'rsatilganda jamoa murabbiyi maydondagi futbolchilardan birini vaqtincha chiqarishi kerak. Agar 10 soniya ichida futbolchi tanlanmasa, jamoa sardori maydonni tark etadi. Shu tariqa “Santos” sardori Neymar bir daqiqaga chetga chiqdi.
Qoida 2026 yildagi Jahon chempionatida qo'llanila boshlangan maydonda vaqtni so'zishga qarshi chora doirasida Braziliya chempionatiga ham tatbiq etilmoqda. Uning maqsadi jarohatlardan keyin tibbiy yordam bahonasida vaqt cho'zilishining oldini olishdir.
Biroq qoidada bir qator istisnolar bor. Jumladan, darvozabon jarima zarbasiga sabab bo'lgan qoidabuzarlik oqibatida jarohat olsa, darvozabon va maydondagi futbolchi to'qnashib, ikkitasiga ham tibbiy yordam zarur bo'lsa yoki futbolchidan qon ketayotgan bo'lsa, bir daqiqalik chetlatish qo'llanmaydi.
“Santos” esa g'alaba orqali 22 o'yindan keyin 25 ochko jamg'arib, Braziliya chempionatida quyi liga zonasidan chiqdi. Neymar boshchiligidagi jamoa mavsumni Kubok va Janubiy Amerika musobaqalarida ham davom ettirmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi