«Arsenal» futbolchilari Angliya Premyer-ligasi chempionligi munosabati bilan tashkil etilgan chempionlik paradida ishtirok etdi.
Tadbir London shahrida UEFA Chempionlar ligasi finalidagi «PSJ»ga qarshi mag‘lubiyatdan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, hal qiluvchi bahsning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, penaltilar seriyasida parijliklar 4:3 hisobida ustun kelgandi.
Qayd etilishicha, parad sanasi final natijasidan qat’i nazar oldindan belgilab qo‘yilgandi.
«Arsenal» APL chempionligini mavsum yakunlanishiga bir tur qolganida rasman naqd qilgan edi.
Londonliklar mavsum davomida 38 ta bahsda 85 ochko jamg‘ardi.
Mikel Arteta jamoasi ikkinchi o‘rindagi «Manchester Siti»ni 7 ochkoga ortda qoldirdi.
Mazkur chempionlik «to'pchilar» uchun so‘nggi 22 yildagi ilk Angliya chempionligi bo‘ldi.
