Bugun
215
O'zbek

Islom Ismoilov: «Shu holatda ham futbolchilarga hech qanday e’tirozim yo‘q»

Eksklyuziv
5 sentabr, 00:52
«Neftchi» ustozi «Nasaf»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Islom Ismoilov: «Shu holatda ham futbolchilarga hech qanday e’tirozim yo‘q»
Фото: Нефтчи ПФК

Superliganing 20-turidagi markaziy o‘yinlardan biri Qarshida bo‘lib o‘tdi. Unda «Nasaf» musobaqa peshqadami - «Neftchi»ni qabul qildi va 6:2 hisobida raqibini tor-mor keltirdi.

Uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Avvalambor, «Nasaf» jamoasini ishonchli va ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislarimizdan, rahbariyatdan, barcha-barchadan uzr so‘rayman. Barcha aybni, barcha xatolarni o‘z zimmamga olaman. Umuman, o‘yin og‘ir o‘tdi. Lekin tushunarsiz holatlar juda ko‘p bo‘ldi. Standart… Raqib barcha standartlardagi vaziyatlarni golga aylantirdi. Bilmadim, buni qaytadan ko‘rib chiqamiz. Lekin shu holatda ham futbolchilarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ular harakat qilishdi. Hozir biror nima deyish ham qiyin.

- Buxoroda va Qarshidagi o‘yinlardagi salbiy natijalarni nima bilan izohlaysiz? Bu ketma-ket bo‘layotgan mag‘lubiyatlarda nimani sabab deb ko‘rsatasiz?

- Albatta, xatolar bilan izohlaymiz. Qayerdadir kam ishlayotgandirmiz. Qayerdadir o‘zimizning xatolarimiz, qayerdadir raqibning mahorati. Doimiy ravishda hamma o‘yinni "stabil" o‘tkazishning imkoni yo‘q. Chunki jamoa juda katta bosim ostida harakat qiladi. Yuqori notada turish doim qiyinchilik tug‘diradi. Har bitta o‘yinning qadri baland. Buni futbolchilar ham, hamma yaxshi tushunib turibdi. Afsuski, shunday holatlar ham kuzatilib turibdi. Harakat qilamiz, vaziyatni to‘g‘rilashga, yechim axtarishga harakat qilamiz. Safardagi o‘yinlarda ham ishonchli g‘alaba qozonish va bu vaziyatdan chiqib ketish uchun Xudo xohlasa, bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

- «Neftchi» amaldagi chempion hisoblanadi. Superligadagi boshqa klublar bilan taqqoslasak, hech qanday muammo yo‘q. Futbolchilari nisbatan ko‘proq oylik oladi. Sizning yordamchingiz ham xorijdan, germaniyalik edi, u ketgan bo‘lsa ham, u ham nisbatan ko‘proq oylik olardi. Bitta savol o‘ylantiryapti: Osiyo maydonlarida O‘zbekiston sharafi nomidan ham ishonayotganimiz «Neftchi» jamoasi edi. Chunki birinchi davrani olib qaraydigan bo‘lsak, ishonchli o‘yin, yevropacha futbol, noodatiy o‘yin uslubi. Lekin ikkinchi davra boshlanganidan so‘ng kutilmaganda jamoada qandaydir inqiroz yuz berdi. Bu holatni shu germaniyalik yordamchingizning ketgani bilan izohlaysizmi yoki futbolchilar muddatidan oldin o‘tgan yili chempion bo‘lgan bo‘lsa, «bu yil mana chempionlik bizniki bo‘lishi kerak», deb sal ortiqcha erkinlikka berilib yuborishdimi?

- O‘tgan safar ham intervyuda aytib o‘tgandim. Murabbiy ketishi bu jamoa o‘yiniga ta’sir qilmaydi. O‘yinimizda ikkinchi davrada ko‘plab xatolar kuzatilishiga sabab — bu o‘zlaringiz bilib turibsizlar, ko‘ryapsizlar. Juda katta yo‘qotishlar bo‘lyapti, jamoa tarkibida. Futbolchilar tinmay jarohat olyapti. Asosiy futbolchilar yo‘q. Ularning o‘rnini boshqalar to‘ldiryapti. Baribir, jarohatdan qaytganidan keyin ham u tezda o‘yinga kirishib keta olmaydi. Bu ham o‘zi ancha vaqt oladigan jarayon. Har bitta o‘yinga o‘sha jarohatlar bilan kelyapmiz va har bitta o‘yinda iloji yo‘q, tarkibni o‘zgartirishga majbur bo‘lyapmiz. Bu ham o‘yin sifatiga ta’sir qiladi. Chunki bir xilda o‘ynab turgan tarkib boshqa va doimiy o‘zgaradigan tarkib boshqa.

Endi istaymizmi, yo‘qmi, bu ham baribir o‘yin sifatiga ta’sir qiladi. Shuning uchun o‘ylaymanki, hammasi ham jarohatlar bilan bog‘liq emas, balki qayerdadir murabbiy sifatida o‘zim xato qilayotgandirman. Shuning uchun hozir aniq bir narsa ayta olmayman. Lekin shunga qaramasdan, biz oxirigacha kurashamiz. Hali hech narsa yo‘qotilgani yo‘q. Jamoa birinchi o‘rinda va mavsumni oxirigacha bor kuchimiz bilan harakat qilib, Xudo xohlasa, shu turgan o‘rnini saqlab qolamiz.

- Osiyo Chempionlar ligasidan nimani kutsak bo‘ladi yoki o‘zlaringiz nimalarni kutyapsizlar?

- Osiyo Chempionlar ligasi — bu oddiy musobaqa emas. O‘ziga yarasha juda kuchli raqiblar bor. Buni biz ham his qilib turibmiz. Chunki O‘zbekiston nomidan munosib ishtirok etishimiz shart. Bu bo‘yicha baribir, ruhiyatga ham bog‘liq. Futbolchilar ham boshqacha yondashadi. O‘ylaymanki, Xudo xohlasa, OCHLda munosib ishtirok etamiz.

- «Nasaf»ga qarshi ochiq futbol o‘ynaganingiz xato bo‘ldi, deb hisoblaysizmi?

- Yo‘q, unday demagan bo‘lardim. Bugun ko‘rgan bo‘lsangiz, barchasi o‘sha standart vaziyatlar o‘yin taqdirini hal qilib ketdi. O‘sha jarima zarbasidan gol, undan keyin burchak zarbasidan gol va qayta-qayta burchak zarbalaridan har bitta uzatilgan to‘p golga aylanaverdi. Bilmadim, birinchi bo‘limda jamoa nokdaun holatiga tushib qoldi. Bu holatda qiyin — futbolchilarni qaytadan uyg‘otish, ruhiy tomondan juda katta qiyinchilik tug‘diradi. Shaning uchun ochiq futbol har doim o‘ynayapmiz, barcha raqibga qarshi ochiq futbol o‘ynayapmiz. Uyda «Paxtakor»ga qarshi ham ochiq futbol o‘ynadik. Shu kungacha barcha o‘yinimizda ochiq futbol o‘ynadik. O‘ylaymanki, bu ochiq futbol bilan bog‘liq emas.

- Hozir har bitta standartda gol bo‘lganligi haqida gapiryapsiz. Himoyachilar yoki darvozabonning harakatlarini qanchalik baholaysiz yoki ular qanchalik siz kutgan o‘yinni ko‘rsatishdimi?

- Yo‘q, real holatda xuddi shunday bo‘ldi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, har bitta zarba golga aylandi. O‘shaning uchun raqib uchta gol urdi. Hech kimdan shubhalanadigan holat yo‘q. Futbolchilarimizning barchasiga ishonamiz. Ularni doim qo‘llab-quvvatlayman. Ular shu kungacha biz uchun borini berib kelgan futbolchilar. Bundan keyin ham ular borini beradi. Endi shunday bo‘lishi kerak ekan — bo‘ldi.

- Birinchi taymdayoq o‘zgarish qildingiz. Bu o‘zgarish maydonda nimalarni o‘zgartirib yuborishi kerak edi?

- Birinchi taymdan keyin qanotlarni kuchaytirish maqsadida Alisher Odilovni chiqardik va Yovovichni hujumchi ortiga olib o‘tdik.
Shu orqali maydon markazida keskinlikni oshirishni maqsad qilgandik. Afsuski, yana burchak zarbasidan gol bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, undan keyin yana burchak zarbasidan gol bo‘ldi», - deya Ismoilovni so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar