Live
24
O'zbek

APL qaytdi, Germaniyada Superkubok, Mouriniodan qaytish. Hafta o‘yinlari

Futbol
22 avgust, 09:48
Tribuna.uz o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda hafta o‘yinlarini e'tiboringizga havola qiladi.
APL qaytdi, Germaniyada Superkubok, Mouriniodan qaytish. Hafta o‘yinlari
Фото: Getty Images

Uzoq kutilgan Yevropa milliy chempionatlari o‘z ishtiroklarini boshlamoqda. APL, La Ligada yangi mavsum start olgan. A Seriya ham o‘z yurishini boshlaydi. Tribuna.uz o‘z an'anasiga sodiq qolgan holda hafta o‘yinlarini e'tiboringizga havola qiladi.

Germaniya Superkubogi
22 avgust (shanba)
BAVARIYA – BORUSSIYA D
Boshlanish vaqti
: 23:30

Germaniya Superkubogi: kim sovrinni qo‘lga kiritadi?

Germaniya Superkubogida «klassiker»! «Bavariya» o‘tgan yili sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Borussiya D» 2019 yildan buyon ushbu sovrinni yuta olmayapti. O‘sha yili dortmundliklar aynan «Bavariya»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
Shundan keyin jamoalar Superkubok uchun yana ikki marta to‘qnash keldi va har ikki safar ham myunxenliklar (2020 va 2021 yillarda) g‘alaba qozondi. Bu safar ham «Bavariya» finalga favorit sifatida chiqadi. Biroq ko‘plab futbolchilarning JCH-2026dan keyin uzoq vaqt dam olganini hisobga olsak, «Borussiya»da sovrinni tortib olish uchun yaxshi imkoniyat bor. Qisqasi, muxlislarni jiddiy bahs kutmoqda.

APL. 1-tur
23 avgust (yakshanba)
NYUKASL – LIVERPUL
Boshlanish vaqti:
20:30

Iraolaning «Liverpul»dagi rasmiy debyuti

«Liverpul»da Andoni Iraola davri boshlanmoqda. Ispaniyalik mutaxassis jamoa bilan birinchi rasmiy uchrashuviniyoq og‘ir mehmonlik safaridan boshlaydi — «Nyukasl»ga qarshi.

«Sent-Jeyms Park» Angliyaning eng shovqinli stadionlaridan biri. Bu yerda muxlislar juda faol, ba'zida esa o‘ta ehtirosli qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois «Liverpul» uchun raqibning o‘zi bilan bir qatorda ikki tomonlama bosimni ham yengishga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi, 1-turda jamoa ruhiy jihatdan «cho‘kib qolmasligi» kerak.

Biroq «Nyukasl»ning o‘zi ham oson davrni boshdan kechirmayapti. Bir necha yetakchi futbolchilar jamoani tark etdi, bosh murabbiy ham o‘zgardi — Eddi Hau o‘rniga Mattias Yayssle tayinlandi. Shuning uchun bu uchrashuvda g‘olibni oldindan taxmin qilish juda qiyin. Xullas, APL ishqibozlarini ajoyib va muxlislar bop futbol kutmoqda.

La Liga. 2-tur
23 avgust (shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi)
ESPANYOL – REAL
Boshlanish vaqti:
00:30

Mourinio «Real»dagi qaytishini g‘alaba bilan boshlaydimi?

Joze Mourinioning Madridga qaytdi! Portugaliyalik mutaxassis 13 yildan so‘ng «Real» safida birinchi rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi.

Tarkibni jiddiy kuchaytirgan madridliklar Kataloniyada «Espanyol» mehmoni bo‘ladi. «Barselona» bilan chempionlik uchun kurashish niyati jiddiy ekanini isbotlash uchun «Real» g‘alaba qozonishi kerak. Bu shunchaki uch ochko emas, balki ishonchli o‘yin va sifatli futbol bilan qo‘lga kiritilgan g‘alaba bo‘lishi muhim.
Yangi futbolchilar hali jamoaga to‘liq moslashib ulgurmagan. Mavsum davomida «qaymoqranglilar» yanada kuchayadi. Ammo hoziroq futbolchilar Mourinioning talablarini qabul qilgani va uning g‘oyalarini tushunayotganini ko‘rish muhim. Qisqasi, yangi mavsumda La Liga yanada yonadi. Ayniqsa, Joze bilan hammasi yanada qiziqarli kechishiga shubha yo‘q.

La Liga. 2-tur
24 avgustdan (yakshanbadan dushanbagao‘tar kechasi)
ELCHE – BARSELONA
Boshlanish vaqti:
00:30

Rodri «Barselona»da debyut qiladimi?

«Barselona» va «Real» La Ligada mavsumni 2-turdan boshlaydi. Kataloniyaliklar esa mavsumdagi birinchi uchrashuvini safarda «Elche»ga qarshi o‘tkazadi.

«Barselona»ning unchalik kuchli bo‘lmagan raqibga qarshi ochko yo‘qotishi kutilmagan natija bo‘ladi. Ammo uchrashuvning asosiy intrigasi — Rodriyning maydonga tushishi.

2024 yilning eng yaxshi futbolchisi ilk bor «Barselona» futbolkasida maydonga chiqadimi? Agar debyut amalga oshsa, kataloniyaliklar Rodri bilan birga qanday ko‘rinish oladi? Ehtimol, yakshanba kuni bu savollarga javob olamiz.

APL. 1-tur
24 avgust (dushanba)
FULHEM – CHELSI
Boshlanish vaqti
: 23:59

Xabi Alonso yangi bosqichni g‘alaba bilan boshlaydimi?

«Chelsi» Xabi Alonso boshchiligidagi rasmiy uchrashuvlardagi debyutini o‘tkazadi. Birinchi raqib esayoq jiddiy — London derbisida «Fulhem».
Jamoalarning 2026 yil yanvar oyidagi so‘nggi uchrashuvi «Chelsi»ning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlangan edi. Biroq o‘shandan beri «Chelsi» tarkibi yana jiddiy o‘zgardi.

Qolaversa, ispaniyalik murabbiylarning dueliga guvoh bo‘lamiz. Ikkisi ham o‘tgan mavsumda «Real»ni boshqardi. Endilikda APLda o‘z omadlarini sinab ko‘radi. Ilk turdayoq ular bir-biriga raqib bo‘lishadi. Kim ustun kelishini tez orada bilib olamiz.

APL. 1-tur
23 avgust (yakshanba)
MANCHESTER SITI – BORNMUT

Boshlanish vaqti: 18:00

«Manchester Siti» Gvardiolasiz APLda birinchi o‘yinini o‘tkazadi

«Manchester Siti»ni Xosep Gvardiolasiz ko‘rish hali ham g‘ayrioddiy. Ha, jamoa boshida ispaniyalik murabbiyning o‘rnini Enzo Mareska egalladi. Ammo yangi mutaxassis uchun dastlabki natijalar hozircha maqtanarli emas.
Angliya Superkubogi uchun bahsda «Manchester Siti» «Arsenal»ga 0:3 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi. Shu bois APLning 1-turida yana bir omadsizlikka yo‘l qo‘ymaslik muhim.
Biroq raqib oson emas. O‘tgan mavsumda «Bornmut» APLni 6-o‘rinda yakunladi — klub tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va hatto Chempionlar ligasiga chiqishga juda yaqin keldi. Yana bir muhim jihat shuki, Mareska Abduqodir Husonovga qanchalik ishonch bildirilishi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

A Seriya. 1-tur
22 avgust (shanba)
INTER – MONZA
Boshlanish vaqti:
21:30

Italiya chempioni mavsumni qanday boshlaydi?

«Inter» Italiyadagi chempionlik unvonini himoya qilishni boshlaydi. Kristian Kivu shogirdlari birinchi uchrashuvni o‘z maydonida «Monza»ga qarshi o‘tkazadi.
Uchrashuvni derbi deb atash mumkin, chunki har ikki klub ham Lombardiya mintaqasini ifodalaydi. Ammo kuchlar nisbati aniq — «Inter» yaqqol favorit.
«Monza» esa A Seriyaga endigina qaytdi. Jamoa chempionga munosib qarshilik ko‘rsata oladimi yoki «Inter» mavsumdagi birinchi uch ochkosini qiyinchiliksiz qo‘lga kiritadimi? Bu savolga maydonda javob beriladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Angliya Premer-ligasi Angliya Premer-ligasi
  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

1 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar