FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilot rahbariyatiga nisbatan bosim kuchaygan bir paytda iste’fosi haqidagi savolga o‘ziga xos tarzda javob qaytardi.
Sky News jurnalisti Jeyms Metyus mehmonxona oldida Infantinoni uchratib, undan futbolga xiyonat qilgan-qilmagani va nima sababdan iste’foga chiqmoqchi emasligi haqida so‘radi.
FIFA rahbari savollarga mazmunan javob berish o‘rniga jurnalistning soch turmagiga e’tibor qaratdi. Har ikki erkakning ham sochi yo‘q edi.
«Soch turmagingiz zo‘r ekan», — dedi Infantino.
Metyus FIFA rahbariyatiga bo‘lgan ishonch va iste’fo haqidagi savollarni berishda davom etdi. Infantino mashinasiga o‘tirayotganida esa: «Sartaroshxonada ko‘rishamiz», — deya qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Infantino FIFA turnirlarining tijoriy huquqlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish rejalari ortidan jiddiy bosim ostida qolgan. Keyinchalik ushbu loyiha qaytarib olingan bo‘lsa-da, FIFA prezidenti faoliyatiga nisbatan tanqidlar davom etmoqda.