«Liverpul» darvozaboni Alisson faoliyatini mersisaydliklarda davom ettirish istagi borligini ma’lum qildi.
«Men har bir o‘yinda maydonga tushishga e’tibor qaratganman, ammo jamoada qolish fikri meni xursand qiladi. Bu ko‘plab omillar va turli vaziyatlarga bog‘liq. Biroq mening istagim — «Liverpul»da qolish. Bu yerda o‘zim ham, oilam ham baxtlimiz. Hali ham sovrinlar yutish va yuqori saviyada o‘ynashga chanqoqman. Imkon qadar uzoq vaqt eng yuqori darajada futbol o‘ynashni xohlayman. Mening fikrlarim shunday. Hozirgi voqelik shundayki, biz o‘z imkoniyatlarimiz darajasida o‘ynay olmayapmiz. Bu yomon futbol ko‘rsatyapmiz degani emas. Ko‘plab uchrashuvlarni yaxshi o‘tkazyapmiz, ammo hozircha barqarorlik yetishmayapti.
Bizning qo‘limizda top murabbiy va kuchli futbolchilar bor. Sabrli bo‘lishimiz kerak. Biroq futbolchilar sifatida vaqtni behuda sarflashga haqqimiz yo‘q», — deya Alissonning so‘zlarini BBC nashri keltirmoqda.
Ma’lumot uchun, Alissonning «Liverpul» bilan shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.