Qarshining «Nasaf» klubi so‘nggi turlarga kelib yana o‘zining avvalgi sermahsul o‘yinini ko‘rsata boshladi. Bu esa bevosita natijalarda ham aks etmoqda. Bu borada jamoaning mudofaa chizig‘ini yanada mustahkamlashda qanot himoyachisi Akrom Komilovning ham hissasi bor.
Ushbu mavsumdan boshlab qarshiliklar sharafini himoya qilayotgan futbolchi shu kungacha Superliga, Kubok va OChL 2 musobaqalarida hammasi bo‘lib, 19 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Ko‘rinib turibdiki, u murabbiylarning ishonchini oqlab kelmoqda.
Tribuna.uz muxbiri esa Akrom Komilov bilan bir qator masalalarda suhbatlashdi.
- Akromjon, «Nasaf» klubi FIFA kunlari uchun ta’tilga chiqishdan avval Andijonda yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayting-chi, mehmonda 1:4 hisobidagi g‘alabani kutganmidingiz?
- Assalomu alaykum. «Andijon» bilan o‘yinga keladigan bo‘lsak, bu o‘yin biz uchun og‘ir o‘tishini bilardik. Chunki bizda charchoq alomatlari bor edi. Sababi, Osiyo Chempionlar ligasidagi qiyin uchrashuv va parvozlar bizga qiyinchilik tug‘dirishi aniq edi. Shuning uchun tezroq o‘zimizni tiklab olishimiz talab etilardi va murabbiylarning ko‘rsatmalari bizni to‘g‘ri o‘yin tashkil qilishimizni ta’minladi va bu yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritamiz deb o‘ylamagandik.
- Ha, men ham shu haqida so‘ramoqchi edim. Boisi, «Nasaf» 16 sentabrda Bahraynda OChL 2 musobaqasida o‘ynab qaytdi va 4 kundan keyin Andijonda chempionat doirasida maydonga tushdi. Shunday ekan, jamoa qayerdan kuch topdi?
- Ha, shu bois ham o‘yin og‘ir kechishini bilib turgandik. Chunki charchoq alomati bilinishi tabiiy. Lekin shunga qaramay, futbolchilar o‘zida kuch topdi. Kichik ta’tilga yaxshi kayfiyatda chiqib ketishni o‘ylagan holda va jadvaldagi o‘rnimizni yanada yaxshiroq ko‘rinishga keltirib olishimiz kerak edi.
- «Nasaf» klubi oxirgi turlarga kelib o‘ziga o‘xshamoqda. Raqiblar darvozasiga ko‘plab gollar urmoqda. Bunday sermahsullikni nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, ko‘p ochko yo‘qotgan o‘yinlarimizda ham biz juda yaxshi o‘yin namoyish qilayotgandik. Biroq ko‘p marotaba bizga omad kulib boqmadi. Shu jihatlar ustida murabbiylar ko‘rsatmalar berishdi. Shu sababli har o‘yindan-o‘yinga qo‘shilib boryapti.
- Akromjon, siz joriy yilgi mavsumdan boshlab «Nasaf» sharafini himoya qilib kelmoqdasiz. Faoliyatingizning ushbu bosqichini nima deb atagan bo‘lardingiz?
- O‘ylashimcha, men uchun to‘g‘ri qaror bo‘ldi va jarohatlardan keyin «Nasaf» jamoasida o‘zimni yaxshi holatimni tiklab oldim va nasib qilsa, yanada o‘sishga harakat qilaman.
- Bilamizki, bungacha qadar «Bunyodkor», «Paxtakor» va OKMKda o‘ynadingiz. Ya’ni, siz ko‘p ham jamoa almashtirishni xushlamaysiz. Bir jamoada kamida ikki yil o‘ynaysiz. «Nasaf» bilan rejalaringiz qanday?
- To‘g‘ri, o‘ynagan jamoalarimda ko‘p faoliyat olib borib, keyin klublarni o‘zgartirganman. Juda yaxshi jamoaga kelib qo‘shildim. Murabbiylar, futbolchilar bilan yaxshi chiqishadigan, faqat futbol haqida o‘ylaydigan klub. Chunki «Nasaf» jamoasi bazasi O‘zbekistondagi eng yaxshi bazalardan biri. Bu yerda faqat futbol haqida o‘ylaysiz. Agar jamoa men bilan shartnomani uzaytirishni xohlasa, ikkilanmasdan yana «Nasaf»da qolgan bo‘lardim. Chunki bu yerdagi muhit menga juda yoqyapti.
- 30 yoshdasiz va bungacha sizni legioner sifatida chetda ko‘rishni ham xohlagan paytlarimiz bo‘lgan. Nima deb o‘ylaysiz, endi buning iloji yo‘qmi? Nima uchun shu kungacha legioner maqomiga aylanmagansiz?
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, 30 yoshda rosa kuchga to‘lgan paytim. O‘zimni juda ham yaxshi his qilyapman. Legioner bo‘lishimga menga qo‘yilgan katta narx meni legionerga aylanishimga yo‘l qo‘ymagan. Lekin hali legioner bo‘lishim mumkin, nega iloji yo‘q ekan?
- Nima deb o‘ylaysiz, «Nasaf» klubi OChL 2ni yutishga qodirmi?
- Albatta qodir. Sababi, bizda yaxshi jamoa bor. Buni uddalay olamiz.
- FIFA kunlari sababli yuzaga kelgan kichik ta’til «Nasaf»ning foydasiga ishlaydimi yoki zararigami? Boisi, jamoa endi o‘yin tonusini shakllantirib borayotgan edi. Boshqa klublar esa qiyinchiliklar paytida bunday tanaffus foydali ekanligini ochiq tan olishyapti. Bu borada «Nasaf»ga qanday bo‘lishi mumkin?
- To‘g‘ri aytasiz, biz juda ham yaxshi ketayotgan paytimizda kichik ta’til bo‘lib qoldi. Lekin bu ta’til biz uchun zararga ishlamaydi. Bizda ham jarohatlangan o‘yinchilarimiz bor. Ular ham ta’til tugaguncha safga qaytishadi va jamoa yanada kuchga to‘ladi.
Akrom Komilov: «Agar jamoa men bilan shartnomani uzaytirishni xohlasa, ikkilanmasdan yana «Nasaf»da qolgan bo‘lardim»
Eksklyuziv
26 sentabr, 05:10
Tribuna.uz muxbiri Komilov bilan bir qator masalalarda suhbatlashdi.
Фото: Насаф ПФК