Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) prezidenti Klaudio Tapia Lionel Messining milliy jamoa bilan kelajagi faqat uning shaxsiy qaroriga bog'liq ekanini bildirdi. U TyC Sports telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin Messining terma jamoada faoliyati tugashi haqida hozirdan xulosa chiqarishga hojat yo'qligini ta'kidladi.
«Bu to'liq uning shaxsiy qarori. Uni xotirjam qo'yish kerak. 2022 yilda ham u 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashadimi yoki yo'q, hech kim bilmasdi. Leo o'yindan-o'yinga yashashini aytgan edi. Bu safar esa biz uning eng yaxshi, yoki eng yaxshisiga yaqin Jahon chempionatini ko'rdik. U futboldan zavq olishda davom etsin, keyin esa o'zi to'g'ri deb hisoblagan qarorni qabul qiladi», — dedi Tapia.
AFA rahbari Messining turnirdagi ishtirokiga alohida to'xtalib, uni Argentina terma jamoasining haqiqiy etakchisi deb atadi. Tapia fikricha, finalda Ispaniyaga mag'lub bo'linganiga qaramay, Messi butun musobaqa davomida eng barqaror va hal qiluvchi futbolchilardan biri bo'lgan. U har bir o'yinda jamoani ortidan ergashtirib, nafaqat gollari, balki tajribasi va etakchiligi bilan ham ajralib turgan.
2026 yilgi Jahon chempionatida Messi 8 ta gol va 4 ta golli uzatma bilan turnirning eng sermahsul futbolchilaridan biriga aylandi. U guruh bosqichida Jazoirga qarshi o'yinda het-trik qayd etdi, keyingi bosqichlarda esa Shveytsariya va Angliyaga qarshi hal qiluvchi uchrashuvlarda golli vaziyatlarni yaratib, jamoasining finalgacha yetib borishida katta hissa qo'shdi. Shu bois Tapia uni musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblashini yashirmadi.
Suhbat yakunida AFA prezidenti Jahon chempionatidan eng yorqin xotira sifatida har bir o'yindan keyin Messi bilan quchoqlashgan lahzalarni esladi. Uning aytishicha, aynan shu daqiqalar ularning o'zaro ishonchi va munosabatini ifoda etadi.
Tapia, shuningdek, millionlab argentinalik muxlislar kabi o'zi ham Messining milliy jamoada yana bir necha yil to'p surishini istashini, ammo bu qarorga faqat futbolchining o'zi haqli ekanini yana bir bor ta'kidladi.