Rossiyaning sovrindor va yetakchi klublaridan biri hisoblangan CSKAda yangi mavsumdan boshlab oʻzbekistonlik mutaxassis ishlayotganidan xabaringiz boʻlsa kerak.
Muhlislarimizga yaxshi tanish boʻlgan Denis Korostichenko bu yildan eʼtiboran CSKAning asosiy jamoasida bosh murabbiyga yordamchi sifatida faoliyat olib boryapti.
U oʻtgan yili Dmitriy Igdisamovga oʻrinbosarlar jamoasida yaqindan yordam bergandi. Bu yil esa klub rahbariyati Igdisamovni asosiy jamoaga bosh murabbiy etib tayinlashgach, hamyurtimiz Denis Vladimirovich ham asosiy jamoada ish boshladi. Korostichenko esa Tribuna.uz jurnalistiga intervyu berdi.
- Denis Vladimirovich, CSKA kuni kecha Rossiya Kubogi guruh bosqichida «Lokomotiv»ni penaltilar seriyasida magʻlub etdi. Chempionatning dastlabki ikkita turida esa bir gʻalaba va bir durang qayd etdi. Umuman olganda, jamoaning ishlari qanday ketmoqda?
- Jamoada hammasi yaxshi! Muhit aʼlo darajada. Barcha yeng shimarib astoydil ishlamoqda, faqat gʻalabani koʻzlagan holda. Kayfiyatlarimiz ham ijobiy. Oʻtkazilgan oʻyinlarda yuzaga kelgan imkoniyatlardan yaxshiroq foydalanishimiz kerak edi. Masalan, «Krilya Sovetov»ga qarshi uchrashuvni olsak, bemalol uch ochkoni qoʻlga kiritishimiz mumkin boʻlardi. «Loko»ni oʻyinning asosiy qismida yutishimiz ham mumkin edi. Baribir yigitlarga qoyil, barakalla.
- Oʻtgan mavsumda Dmitriy Igdisamovning yordamchisi sifatida CSKA oʻrinbosarlarida ishlagansiz. Joriy yildan boshlab asosiy klubda murabbiylar shtabida faoliyat yurityapsiz. CSKAdek jamoada ishlash qanday boʻlarkan?
- Bu oʻzingni yuqori darajada koʻrsatish uchun havola qilingan imkoniyat va sharaf! CSKA Rossiyadagi eng sovrindor klublardan biri. Dima bilan bir mavsum oʻrinbosarlar jamoasida ishladim. Bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Ish uslublarimizdan ham xabardormiz. Men uni yaxshi bilaman. Futboldagi qarashlarimiz ham, oʻyin borasidagi taassurotlarimiz ham bir xil!
- CSKAda Oʻzbekiston vakilining ishlayotganini koʻplab muxlislarimizni qiziqtirmasdan qolmaydi. Ayting-chi, klubda oʻzbek futbolchilari ham toʻp surishi mumkinmi? Aytmoqchimanki, murabbiylar shtabidagi oʻzbekistonlik oʻyinchilardan qaysidir birini kuzatyaptimi?
- Ha, Oʻzbekistondan koʻpchilikni bilaman. Selektsion boʻlim ham Fayzullaev va Shomurodovdan kelib chiqqan holda oʻzbekistonlik futbolchilar bilan qiziqib turishadi. Mana, yaqinda Jahongir Oʻrozov «Rubin»ga keldi. Ajoyib! Umid qilamanki, yigitlarimiz CSKAda ham paydo boʻlishadi. Ammo ayni paytda klubdagilar Oʻzbekistondan kimnidir koʻzlab turishgani haqida aniq bir maʼlumotga ega emasman.
- Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, CSKA Behruz Karimovga qiziqib qolgan. U jahon chempionatida milliy jamoamiz tarkibida ishtirok etgandi. Yuqoridagi maʼlumot haqiqatga qanchalik toʻgʻri keladi?
- Ha, Behruz boʻyicha chinidan ham qiziqish borligidan xabar topgandim. Lekin CSKA ayni paytda boshqa pozitsiya uchun oʻyinchi qidirmoqda. Shu bois ish jiddiy ravishda muzokaralar olib borishgacha yetib borgani yoʻq.
- CSKAdagi ishingiz orqali oʻzbek murabbiylari ham xalqaro darajada yuqori saviyada ishlay olishlarini koʻrsatib berishlari mumkin deb hisoblaysizmi?
- Oʻylaymanki, har qanday ishtiyoqli mutaxassis qayerda va qanday klubda ishlamasin yuqori darajaga koʻtarilishni va yaxshi natijalar koʻrsatishni xohlaydi. Lekin oʻzimni bu yoʻldagi namunad deb hisoblay olmayman. Bizda yaxshi mutaxassislar juda koʻp. Ular bemalol xorijda ishlashlari mumkin.
- Yevropa yoki rus klublariga oʻtish uchun bizning murabbiyalarimizga nima yetishmayapti yoki toʻsiqlik qilmoqda?
- Toʻsiqlar deyarli yoʻq. Chunki hozir litsenziyangiz boʻlsa, ayniqsa, UEFAniki. Shunda istalgan mamlakatda ishlashingiz mumkin. Yoki klub yaxshi mutaxassisni taklif qilishga qiziqish bildirmoği darkor.
- Dmitriy Igdisamov CSKAning bosh murabbiyiga aylangach, siz ham asosiy jamoada murabbiylar shtabida ish boshladingiz. Uning birga ishlash uchun yoniga chaqirishi kutganmidingiz?
- Aslini olganda ham uni yana birga ishlash uchun meni yoniga chaqirganidan juda minnatdorman. Toʻgʻrisi, buni unchalik kutmagandim. Ammo taklif boʻlsa, darhol yoniga koʻchib oʻtishimni his qilib turdim.
- Ayting-chi, Dmitriy Igdisamov ham Oʻzbekiston milliy jamoasining mundialdagi ishtirokini kuzatdimi? Agar kuzatgan boʻlsa, qaysi futbolchilarimiz unda koʻproq taassurot qoldira olgan?
- Oʻzbekiston milliy jamoasi ishtirokidagi oʻyinlarni birgalikda tomosha qildik va muxlislik qilib oʻtirdik. Oʻsha paytda Novgorskdagi yigʻinlarni tashkil etgandik. Abbosni, Eldorni, Abduqodirni juda yaxshi bilamiz. Yoshlar orasida esa yuqorida tilga olib oʻtilgan Behruz yaxshi taassurot qoldirdi.
- Abbos Fayzullaevning klubda oʻtkazgan faoliyatini qanday baholay olasiz? Jamoa ichida u haqida nimalarni gapirib yurishadi?
- Abbos CSKAda deyarli afsona! Klubdagilarning hammasi va ishqibozlar Fayzullayevga juda iliq munosabatda va yaxshi xotiralar bilan esga olishadi. Chunki u CSKAda juda zoʻr oʻyin koʻrsatgan. Har tomonlama oʻzidan yaxshi taassurot qoldira olgan.
«Behruz Karimov boʻyicha chinidan ham qiziqish boʻlgan» yoxud CSKAda ishlayotgan oʻzbek murabbiyi bilan suhbat
Eksklyuziv
7 avgust, 10:41
Korostichenko Tribuna.uz jurnalistiga intervyu berdi.
Фото: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi