«Yuventus» Germaniya milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann bilan bog‘landi. 39 yoshli mutaxassis turinliklar bosh murabbiyi Luchano Spalletti o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar qatoriga kiritilgan. Bu haqda jurnalist Rudi Galetti X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Nagelsmann kelajagi borasida bir nechta variantni ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, u «Yuventus»ning yondashuviga ijobiy baho bergan.
Nagelsmann 2023-yildan 2026-yilgacha Germaniya milliy jamoasini boshqargan. Klub miqyosida uning so‘nggi ish joyi «Bavariya» bo‘lgan — mutaxassis 2021–2023-yillarda myunxenliklar bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Nagelsmann 39 yoshda. U faoliyati davomida «Bavariya»dan tashqari «Leypsig» va «Xoffenhaym» klublarida ham ishlagan.