«PSJ» va Ekvador milliy jamoasi himoyachisi Vilyan Pacho faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur xabar berdi.
25 yoshli futbolchiga «Barselona» qiziqish bildirmoqda. Kataloniya klubi qishki transfer oynasida ekvadorlik himoyachini tarkibga qo‘shib olishni rejalashtiryapti.
Pachoga da’vogarlar orasida «Arsenal» va «Manchester Siti» klublari ham bor. Ular ham futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Pacho Parij jamoasi safida 2024-yil avgust oyidan buyon to‘p tepadi. Uning «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2031-yil iyun oyi oxirigacha tuzilgan.
Transfermarkt portali himoyachining transfer narxini 80 million yevroga baholamoqda. «Barselona» qishda Pacho transferini amalga oshira oladimi — bu masala hozircha noma’lum.
Avvalroq Van Deyk «ko‘k-anorranglilar»ning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylangani ma’lum qilingandi.