Italiya A Seriyasi rahbariyati «Yuventus»ni 10 ming yevro miqdorida jarimaga tortish haqida qaror qabul qildi.
Bunga klub muxlislarining bir qismi «Inter» va Italiya milliy jamoasi afsonasi Sandro Mazzola xotirasiga bag‘ishlangan sukut daqiqasini buzganlari sabab bo‘ldi.
Avvalroq Yevropa chempioni va jahon chempionatining kumush medali sohibi Mazzola 83 yoshida vafot etgan edi. Hodisa 20-sentabr kuni «Yuventus» va «Atalanta» o‘rtasidagi uchrashuv oldidan sodir bo‘ldi.
Sukut daqiqasi vaqtida Curva Sud sektoridagi ayrim muxlislar maydonga orqa o‘girib turishdi, keyin esa «Yuventus» afsonalari xotirasiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar va shiorlarni ayta boshlashdi.
Buning natijasida «zebralar» muxlislarining xatti-harakatlari futbol jamoatchiligi tomonidan tanqid qilingandi. Klub ham ushbu holatga keskin munosabat bildirgandi. Lekin bu jarimaning oldini olishga sabab bo‘lmadi.