Xitoyda «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu muzeyining ilk filiali ish boshladi. A Bola nashrining xabar berishicha, ekspozitsiya Shanxaydagi 1-sonli savdo markazida joylashgan.
Muzey kirish qismida Portugaliya milliy jamoasi libosidagi 41 yoshli futbolchining yetti metrli haykali o‘rnatilgan. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu futbolchining dunyodagi eng baland to‘liq bo‘yli haykali hisoblanadi. Unda Ronalduning mashhur gol nishonlash harakati aks ettirilgan.
Muzeyda futbolchining faoliyat yo‘lini bolalik davridan boshlab jahon miqyosidagi shuhratga erishguniga qadar kuzatish imkonini beruvchi 10 ta tematik hudud tashkil etilgan. Ular orasida «Sporting» akademiyasidagi yotoqxona xonasi, yashash xonasi, kiyinish xonalari hamda «An Nasr» stadioni tribunasi ostidagi tunnelning qayta yaratilgan ko‘rinishlari bor.
Futbolchining tug‘ilib o‘sgan shahri Funshaldan Shanxayga 50 dan ortiq eksponat olib kelingan. Ular orasida sovrinlar, o‘yin liboslari va butsalar mavjud. To‘plamning asosiy eksponatlari qatoridan Ronalduning 2008 yilda qo‘lga kiritgan «Oltin to‘p» sovrini, Yevropa chempionligi kubogi, maydonga tushgan butsalaridan biri hamda «Real» safidagi 350-goliga bag‘ishlangan libos o‘rin olgan. Ushbu libosda Zinedin Zidan va jamoa futbolchilarining dastxatlari bor.
Shuningdek, Shanxaydagi muzey uchun maxsus tayyorlangan, Ronalduning shaxsiy dastxati tushirilgan libos ham ekspozitsiyaga qo‘yilgan.