«Fluminense» himoyachisi Tiago Silva futbolchilik faoliyatini yakunlashni kechiktirib, yana bir mavsum o‘ynashga moyil. Bu haqda The Touchline Braziliyaning ESPN nashriga tayanib xabar berdi.
42 yoshli futbolchi o‘zini yaxshi jismoniy holatda his qilmoqda. Shuningdek, oilasi ham faoliyatini davom ettirish qarorini qo‘llab-quvvatlamoqda. «Fluminense» esa himoyachi bilan shartnomani yana bir mavsumga — 2027 yil oxirigacha uzaytirishni istamoqda.
Ma’lumot uchun, Tiago Silva faoliyati davomida Yevropada «Portu», Moskvaning «Dinamo»si, «Milan», «PSJ» va «Chelsi» klublarida to‘p tepgan.
Braziliyalik himoyachi milliy jamoa safida 113 ta bahsda maydonga tushib, 7 ta gol urgan.