«Nitssa» yarim himoyachisi Aksel Vitsel nima sababdan Fransiya klubiga kelib qo‘shilgani haqida fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, belgiyalik 37 yoshli futbolchi yaqinda ijara asosida «Nitssa» klubiga keldi. Futbolchining «Jirona» bilan shartnomasi bor. O‘tgan mavsumda u kataloniyaliklar safida La Ligada 32 ta uchrashuvda maydonga tushgandi.
«Yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ustozlik qilish — u meni jamoaga kelishga ko‘ndirgan birinchi so‘zlar ana shu edi. Bu menga yoqdi. Bilim va tajribamni boshqalarga yetkazishda ishtirok etish — menga yoqadigan rol», — deya Vitselning so‘zlaridan keltiradi L'Équipe nashri.
Ma’lumot uchun, Aksel faoliyati davomida «Standard», «Benfika», «Zenit», «Borussiya D», «Jirona» va Xitoyning ikki klubida o‘ynagan. Belgiya milliy jamoasida esa 140 dan ortiq bahsda maydonga tushgan.