«Brentford» hujumchisi Igor Thiago faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishi mumkin. Unga qator Yevropa grandlari qiziqish bildirmoqda.
Insayder Ekrem Konurning ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotiga ko‘ra, «Bavariya» klubi braziliyalik 25 yoshli forvardning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Harri Keyn jarohati sabab xizmatlaridan foydalana olmayotgan nemis grandi hujum chizig‘ini kuchaytirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Igorni o‘z safiga qo‘shib olishdan Angliyaning yana ikki yetakchi klubi — «Arsenal» va «Manchester Siti» ham manfaatdor.
Igor 2024-yil yozidan buyon «Brentford» sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning Angliya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2031-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 65 million yevro deb baholamoqda.