Samarqandning «Dinamo» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
«Dinamo» professional futbol klubining bosh murabbiyi Abramov Vadim Karlenovich mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati hokimligida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda «Dinamo» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham ishtirok etib, viloyat hokimi Adiz Boboyevdan «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishonini qabul qilib oldi.
Viloyat hokimi jamoamiz ustozini mamlakat rahbari tomonidan taqdirlangani bilan tabriklab, murabbiyning fidokorona mehnatini e’tirof etdi va «Dinamo» PFK jamoasiga omad tiladi.
Qayd etish joiz, Vadim Karlenovich so‘nggi 4 yildan buyon «Dinamo» PFKda samarali faoliyat yuritib, 2025 yil yakunida jamoa tarixida 25 yil avval qayd etilgan eng yaxshi natija — Superligada 4-o‘rinni egallagan va O‘zbekiston kubogi yarim finaligacha yetib borgandi.
64 yoshli mutaxassis «Dinamo»dagi faoliyati orqali O‘zbekiston milliy jamoasi, Olimpiya va yoshlar jamoalariga ham yangi nomlarni yetkazishda davom etmoqda. Aynan Abramovning qo‘l ostidagi o‘yinlari orqali Jahongir O‘rozov jahon chempionatida ishtirok etib, legionerga aylandi, Azizbek Amonov mundialda qatnashdi.
Anvarjon Hojimirzayev milliy jamoa darajasiga ko‘tarildi, yosh o‘yinchilardan Firdavs Abdurahmonov, Oybek O‘rmonjonov Olimpiya jamoasi yetakchilariga aylandi. Qolaversa, «Dinamo»ning yana bir qator o‘yinchilari turli yoshdagi milliy jamoalarimizga nomzodlar qatoridan joy olib kelmoqda.
Darhaqiqat, nafaqat Samarqand, balki o‘zbek futbolining yangi darajaga ko‘tarilayotganida jamoamiz ustozi Vadim Karlenovichning ham hissasi beqiyos bo‘lmoqda va bu ulkan mehnat va fidoyilik mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’tirof etilgani «Dinamo» misolidagi katta ahil futbol oilasining ham yutug‘idir», — deyiladi xabarda.