«Andijon» klubini oldinda 20-oktyabr sanasida O'zbekiston Kubogi chorak finalida Zominda «So'g'diyona» jamoasiga qarshi muhim bellashuv kutmoqda.
Chempionatda so'nggi uchta turda kutilmagan mag'lubiyatlarga uchragan «Burgutlar» ishonchni oqlash uchun endi Kubok doirasidagi muhim o'yinda ishtirok etib, ishqibozlarni xursand qilishni maqsad qilishgan.
Bu borada jamoa sardori Usmonali Ismonaliyev ayrim savollarga javob berdi.
- Usmonali, «Andijon» chempionatda ketma-ket uchta uchrashuvda mag'lubiyatga uchragani albatta kutilmagan holat. Siz bu vaziyatga qanday izoh berasiz?
- Oldin bunday vaziyatga deyarli tushmaganmiz, ayniqsa, bu yil. O'ylashimcha, ketma-ket mag'lubiyatlar omadsizlik bilan bog'liq. «Buxoro»ni yutib turganimizda noto'g'ri hakamlar xalaqit berishdi, ammo gap ko'proq o'zimizda. Omadsizlik bo'ldi va oxirida muvozanatni yo'qotdik. Bitta g'alaba bizni yanada kuchli qiladi va oldinga yurishimizga sabab bo'ladi. Bu o'yin «So'g'diyona» bilan bo'lib o'tadi. Bu juda qimmatli, muhim uchrashuv. G'alaba qozonib, yarim finalga chiqishni istaymiz.
Mag'lubiyatlarimiz boyagi aytganimdek, omadsizlik bilan bog'liq. «Qizilqum» bilan o'tgan o'yinda bitta gol o'tkazdik. Ammo statistikada biz tashabbusga egalik qilganimiz ko'rinadi. To'pni nazorat qildik. Buxoroda ham shunaqa bo'ldi. Lekin hamma joyda natija qoladi. Xudo xohlasa, biz kuchlimiz. Zominda «So'g'diyona»ni yutib, muxlislarimizni xursand qilgan holda mag'lubiyatsiz seriyaga nuqta qo'ya olamiz. Keyin Samarqandda «Dinamo»ga qarshi maydonga tushamiz. Xudo xohlasa, Kubokda ijobiy natija qayd etib, Samarqandda ham yaxshi motivatsiya bilan maydonga tushamiz. Biz hech qayerda kuchsiz o'ynamaganmiz. O'yinlarda imkoniyatlarga ega bo'la turib, yetarlicha foydalana olmayapmiz.
Jamoa sardori sifatida ayta olamanki, biz bo'lajak o'yinga tayyormiz. Ruhiy tushkunlik yo'q. G'alaba bilan ishqibozlarimizni xursand qilamiz.
- Mag'lubiyatlardan keyin ruhiy tiklanish, omadsizlikni unutish va motivatsiya olish qiyin bo'lmadimi?
- To'g'ri, qiyinchilik bo'ladi. Lekin o'yinlar o'tib ketdi, ortga qaytarib bo'lmaydi. Aytib o'tganimdek, jamoamiz oxirgi o'yinda ham to'liq ustunlik qildi, hujumlar uyushtirdik. Darvozaga kirmasa qiyin. Xudo xohlasa, bitta g'alaba bilan bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Oxirgi o'yindan keyin futbolchilar bilan, rahbariyat va murabbiylar bilan gaplashib oldik. Bizda ruhiy tushkunlik yo'q, ichki muhit ajoyib, jamoamizda muammo yo'q. Faqat o'zimizni o'zimiz ruhlantirib maydonga chiqamiz va g'alaba bilan barchasini yuvib tashlaymiz.
- Bungacha «Andijon» «So'g'diyona» bilan joriy mavsumda ikki marta o'ynadi. Andijonda 4:0 hisobi qayd etilgan bo'lsa, safarda esa 1:0 hisobida yutqazdi. Ikkita uchrashuvdan xulosa qilinsa, bo'lajak raqibga qanday ta'rif berasiz va ko'proq nimalarga e'tibor qaratish lozim?
- To'g'ri, «So'g'diyona» uyida yaxshi o'ynagan. Bitta vaziyatni hal qilib ketadigan futbolchilari bor. Biz ham ularga munosib qarshilik ko'rsatib kelganmiz. Biz ularni yaxshi bilamiz va ular ham bizni yaxshi bilishadi. Ehtiyotkorlik bilan o'yin bo'ladi. Chunki o'yinning qiymati juda baland. Biz o'zimizga ishonamiz. Xudo xohlasa, yarim finalga chiqamiz. Bu o'yinda g'alaba qozonishimiz shart. Hamma Kubok o'yinini kutyapti. Albatta, jizzaxliklar ham o'z oldiga bu o'yinda maqsad qo'ygan. Oxirigacha jang qilgan jamoa g'alaba qozonadi va biz bu bahsga tayyormiz!
Usmonali Ismonaliyev: «Bo'lajak o'yinga tayyormiz, biz o'zimizga ishonamiz»
Eksklyuziv
19 oktabr, 01:45
Tribuna.uz muxbiri Ismonaliyev bilan suhbatlashdi.
Фото: Андижон ПФК