«Tottenhem»ning joriy yildagi muvaffaqiyatsiz seriyasi APL tarixidagi eng yomon natijalardan biri bo‘lib turibdi. Bu haqda ESPN ma’lumotlariga tayanib xabar berildi.
Qayd etilishicha, londonliklar yil boshidan buyon 13 ta bahsda g‘alaba qozona olmadi. Ushbu ko‘rsatkichdan faqat uchta klub yomonroq natija qayd etgan.
Xususan, «Midlsbro» 2017 yil boshida 14 o‘yin, «Sanderlend» 2003 yilda 17 bahs, «Derbi Kaunti» esa 2008 yilda 18 uchrashuv davomida g‘alaba qozona olmagan. Ushbu jamoalarning barchasi o‘sha mavsum yakunida quyi ligaga tushib ketgan.
Hozirda «Tottenhem» 30 ochko bilan turnir jadvalida 17-o‘rinda bormoqda. Jamoa quyi zonadagi «Vest Hem»dan atigi bir ochkoga oldinda.
Eslatib o‘tamiz, londonliklar 1978 yildan buyon Angliya futbolining oliy divizionini tark etmagan.