Ueyn Runi o‘zining sobiq jamoadoshi Endi Kerrollni uning kitobiga kiritilgan fikrlar tufayli sudga berish bilan tahdid qilmoqda.
Angliya milliy jamoasining sobiq sardori Kerrollning nashrga tayyorlanayotgan avtobiografiyasi noshiriga advokatlari nomidan rasmiy maktub yuborgan. E’tirozlar Kerrollning Runi go‘yoki Angliya yig‘inida u bilan birga spirtli ichimlik iste’mol qilgani haqidagi da’volariga taalluqli.
Kerroll «Owning It» deb nomlangan kitobida «Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisini 2010–2011-yillar davomida milliy jamoa yig‘inlari vaqtida futbolchilarni o‘z xonasiga ichimlik ichish uchun taklif qilganlikda ayblaydi.
Endi «Nyukasl» va «Liverpul»ning sobiq forvardi bu voqeani rad etmasa, sud jarayoniga duch kelishi mumkin.
«Ueyn juda g‘azabda. U qat’iy qaror qilgan. Uning advokatlari noshirga juda keskin mazmundagi maktub yuborishdi. U raddiya talab qilmoqda, chunki bu — mutlaqo yolg‘on. Ueyn o‘zini farishta deb hisoblamasligini tushunadi, ammo bu endi barcha chegaralardan oshib ketdi. Bu — prinsip masalasi», — deya The Sun nashriga manba xabar berdi.
«Endi ham vaziyatdan sarosimaga tushgan. U Runi bunday munosabat bildirishini umuman kutmagandi. Endi kitobini sotishni istagandi, ammo hozir juda murakkab vaziyatga tushib qoldi. Agar sudlashishni istamasa, ehtimol, omma oldida uzr so‘rashiga to‘g‘ri keladi», — degan nashr manbasi.
«Ueynning so‘nggi paytlarda qilayotgan barcha ishlari uning faoliyatida yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda. U ancha ozdi va alkogoldan voz kechdi — eski odatlari o‘tmishda qoldi», — deya ta’kidlaydi The Sun insayderi.
Runi Kerrollni sudga berish bilan tahdid qilmoqda
Futbol
23 sentabr, 15:39
6
Avvalroq «Liverpul»ning sobiq forvardi o‘z kitobida «MYU» hujumchisi milliy jamoada spirtli ichimlik ichganini yozgandi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi