«Tottenhem» himoyachisi va sardori Kristian Romero APLning 25-turi doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi bahsda (0:2) qizil kartochka oldi. Shu tariqa argentinalik futbolchi 2021 yildan buyon Angliya chempionatida eng ko‘p chetlatilgan futbolchi sifatida antirekord qayd etdi. Bu haqda OptaJoe ijtimoiy tarmoq X orqali ma’lum qildi.
Kristian Romero «Tottenhem» safiga 2021 yilda kelib qo‘shilgan. Shu vaqtdan buyon u barcha musobaqalarda jami 6 marta qizil kartochka olgan. Bu ko‘rsatkich ushbu davr mobaynida APL futbolchilari orasida eng yuqori natija hisoblanadi.
Qayd etilishicha, bu Romero uchun joriy APL mavsumidagi ikkinchi chetlatilish bo‘ldi. Himoyachi diskvalifikatsiya sababli to‘rtta bahsni o‘tkazib yuboradi.
Hozirda «Tottenhem» 29 ochko bilan APL turnir jadvalida 14-o‘rinda bormoqda. 26-turda londonliklar 10 fevral, seshanba kuni «Nyukasl Yunayted»ga qarshi bahs olib boradi.