Live
9
O'zbek

Marlen Chobanov: "Iroq chempionati kuchli va jamoalar soni ko'pligi sabab shu yerda qolishga qaror qildim"

Eksklyuziv
18 iyul, 06:55
Yangi jamoaga o'tgan Chobanov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatlashdi.
Marlen Chobanov: "Iroq chempionati kuchli va jamoalar soni ko'pligi sabab shu yerda qolishga qaror qildim"
Фото: Erbil FC

Iroq chempionatida Sherzod Temirov bilan bir jamoada to'p tepib o'zini ko'rsatishga muvaffaq bo'lgan yana bir hamyurtimiz – Marlen Chobanov ham u yerda e'tibor qozondi.

Himoyachi bo'lishiga qaramay, nafaqat o'z mudofaasida faol o'ynadi, balki raqib darvozasi oldida ham u xavfli o'yinchiligini ko'rsatdi va bir nechta gollarga ham mualliflik qildi.

Endilikda Chobanov klubini o'zgartirdi va yangi mavsumda «Al Zavra» sharafini himoya qiladi. Bu haqida birinchi bo'lib Tribuna.uz e'lon qildi va endi birinchi bo'lib, Chobanovning yangi klubiga o'tganidan keyingi interv'yusini ham taqdim qiladi.

- Marlen, yaqinda «Al Zavra»ga o'tdingiz. «Erbil»da ham faoliyatingiz yaxshi ketayotgan edi. Nega bunday qarorga keldingiz?

- Bunday qarorga kelishimga «Al Zavra»ning katta klub ekanligi va o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yishi sabab bo'ldi.

- Iroq chempionatidagi faoliyatingiz o'zingiz kutganingizdan ham ko'ra yaxshi ketayaptimi?

- Ha, gapingiz rost. «Erbil»da mavsumni yaxshi o'tkazdik va bronza medalini yutdik!

- Yangi jamoada nechanchi raqamni tanladingiz?

- Yangi jamoada 44-raqamni tanladim.

- Marlen, bunga qadar siz faoliyatingiz davomida himoyada o'ynab 3 ta gol urgansizni bilamiz. Iroq chempionatida esa himoyada o'ynab turib, bir mavsumda 4 golga mualliflik qildingiz. U yerda gollar kiritish osonmi?


- Oson, demagan bo'lardim. Gap shundaki, o'z jamoamga yordam berish uchun yetarlicha vaqtlarga ega bo'ldim!

- Sizda boshqa takliflar ham bormidi?

- Takliflar asosan Iroqning o'zidan va Yaqin Sharqdan bo'ldi.

- Iroq chempionatida sizga ko'proq nima yoqadi?

- Hammasidan ko'ra kuchli futbol va jamoalar sonining ko'pligi yoqadi.

- Nima deb o'ylaysiz, Chobanov Iroq chempionatida kashfiyotga aylandimi?

- (Kuladi) To'g'risi, bilmadim... Bu haqda mahalliy ishqibozlar va mutaxassislardan so'ragan ma'qulroq.

- 2024 va 2025 yillarda mavsum o'rtalarigacha birortayam rasmiy o'yinlarda ishtirok etganingiz yo'q. Ammo keyinchalik yana taklif oldingiz. O'zingizni qanday ruhlantirdingiz?

- Ha, har bir sportchining hayotida mashaqatli paytlar ham bo'lib turadi. Men ham bundan mustasno emasman. Menda ketma-ket jarohatlar bo'ldi va yana bir qancha muammolar yuzaga keldi. Og'ir sharoitda yana avvalgi holatga qaytish istagi bizni kuchliroq qiladi!

- Iroqqa qadar Tojikistonda o'ynagansiz. Lekin «Istiqlol»dagi faoliyatingiz nima uchundir uzoq davom etmagan, nega?

-
«Istiqlol» bilan tuzgan shartnomam muddati yarim yilga edi, xolos. Bu qisqa davrda Chempionlar ligasida yaxshi o'ynadik va mamlakat chempionatini yutishga erishdik!

- Iroq chempionatida oldingizga qo'ygan rejalar va maqsadingiz?

- Bu mavsumda oldimizga juda yuqori maqsadlar qo'yilgan. O'z navbatida har bir o'yinni yutishga harakat qilamiz va bundan nima chiqishini vaqt ko'rsatadi.

- Mahalliy ishqibozlar sizga qanday munosabatda bo'lishmoqda?


- Ishqibozlar jamoani zo'r qo'llashmoqda va bizni qanchalar yoqtirishlarini namoyish etmoqdalar!

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar