Italiyaning "Roma" klubi "Chelsi" vingeri Alejandro Garnachoni ijaraga olish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda jurnalist Alfredo Pedulla xabar berdi.
Manbaga ko'ra, rimliklar argentinalik 22 yoshli futbolchining "Chelsi"dagi vaziyatini diqqat bilan kuzatmoqda. Agar jamoaning yangi murabbiylar shtabi Garnachoga tayanmasa, "Roma" uni sotib olish huquqi bilan ijaraga olish bo'yicha taklif yuboradi.
Ma'lumot uchun, Garnacho 2025 yilning avgustida "Manchester Yunayted"dan "Chelsi"ga o'tgan edi. Uning londonliklar bilan shartnomasi 2032 yilning yoziga qadar amal qiladi.
O'tgan mavsumda Garnacho barcha turnirlarda 39 ta uchrashuvda ishtirok etib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 28 million yevroni tashkil qiladi.